Davyergeodezkadastr yoshlari 2050 - yilga sayohat qilishdi
Davyergeodezkadastr qo‘mitasi tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, intellektual salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish, o‘z g‘oyalarini erkin bayon etishlarini ta’minlash maqsadida “Yoshlar nigohi” shoiri ostida 3-5 avgust kunlari yoshlar forumi o‘tkazildi.
Forumda qo‘mita hududiy tizimidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan 40 dan ortiq iqtidorli yoshlar ishtirok etishdi.

Forum doirasida yoshlar bilan “Muammo va yechim” munozarasi, “Mening g‘oyam” viktorinasi, “Qo‘mita kelajagi yoshlar nigohida” davra suhbati shuningdek, qo‘mita raisi Abdushukur Abdullayev hamda rais o‘rinbosari Maqsud Ruzmetov bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Ochiq muloqotda yoshlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar, sohadagi mavjud kamchiliklar, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha takliflar, sohani rivojlantirishga qaratilgan g‘oyalarini berishdi. Ushbu takliflar Davyergeodezkadastr qo‘mitasining 2019-yilgi yoshlar dasturiga kiritilishi belgilab olindi.

Shu bilan birga yoshlar tomonidan bu forumni yurtimizning har bir viloyatlarida davomiy o‘tkazish taklif etilib, bu o‘z o‘rnida qo‘mita raisi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
“Yoshlar nigohi” forumida sohaning kelajagi bo‘lgan yoshlar 2050-yilga sayohat qilishdi va geodeziya, kartografiya, kadastr yo‘nalishlari bu davrda qanday holatda bo‘lishi to‘g‘risida bashorat qilishdi.

Ularning bashoratiga ko‘ra 2050 yilda:
-O‘zbekistonning 10 dan ortiq kosmik yo‘ldoshlari bo‘ladi;
-Yer, geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishi bo‘yicha alohida ta’lim muassasalari faoliyat yuritadi;
-Kadastr o‘lchamlarini aniqlash va chizmasini skaner qilgan xolda shakllantiruvchi uskunalar paydo bo‘ladi;
-O‘zbekistonning Oyda o‘z maydoni bo‘ladi;
-Yer maydonlarimiz 50 foiz sug‘oriladigan yerlarga aylantiriladi;
-Dronlar maxsus pult yordamida inson tomonidan boshqarilmaydi. U dastur yordamida belgilangan vazifani o‘zi bajaradi;
-Yer, geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishida qo‘llaniladigan barcha texnika uskunalari o‘zimizda ishlab chiqariladi.

- Qo'shildi: 07.08.2018
- Ko'rishlar: 17
- Chop etish