Jomboy tumanida 50 nafar yosh ish bilan ta’minlandi

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida joylarda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etilmoqda.

Jomboy tumanining maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan yarmarkada 50 nafar doimiy ish bilan band bo‘lmagan yoshlar ish bilan ta’minlandi.

Tumanda o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 35 dan ortiq korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlarining 80 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.

Tuman hokimligi, tuman bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi, Bosh prokuraturaning hududiy departamenti va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari tomonidan mehnat qonunchiligiga oid beriladigan imtiyoz va kafolatlar, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining mazmun-mohiyati, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish kabi masalalar yuzasidan huquqiy maslahat va tavsiyalar berildi.

Shu bilan birgalikda, yoshlar “Yoshlar mehnat guzarlari” qurilish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishtirildi.

Tumandagi ilk mehnat guzari mustaqillik arafasida tuman yoshlariga foydalanish uchun topshiriladi. Ushbu mehnat guzarida 35 ga yaqin yoshlarning ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.