Pastdarg‘om tumanida “Yosh kitobxon” tanlovi g‘oliblari saralandi

Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan kitobxonlik tanlovi Samarqand viloyatidagi barcha shahar va tumanlarda ko‘tarinki ruhda, yuksak saviyada tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Pastdarg‘om tuman Kengashi tomonidan “Yoshlar markazi“ binosida “Yosh kitobxon“ tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi. Tanlovda test sinovlaridan o‘tgan 13 nafar kitobsevar yoshlar ishtirok etishdi.

Natijalarga ko‘ra, 10-14 yosh toifasida birinchi o‘rinni 8-maktab o‘quvchisi Valijon Boltayev, 15-19 yosh toifasida birinchi o‘rinni 28-IDUM o‘quvchisi Sevinch Sultonova, 20-30 yosh toifasida birinchi o‘rinni Tosh DO‘TAU talabasi Shahlo Abdusalomovalar g‘olib bo‘lishdi va viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

– O‘tgan yili “Yosh kitobxon” tanlovini katta qiziqish bilan kuzatdim va o‘shandayoq ishtirok etishni niyat qilgan edim. Bu yil katta tayyorgarlik va hayajon bilan ishtirok etdim. Test jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, bugun tuman bosqichida suhbatdan ham o‘tdim. Endi viloyat bosqichiga ham qattiq tayyorlanaman, - deydi tuman bosqichi g‘olibi Sevinch Sultonova.

Eslatib o‘tamiz, “Yosh kitobxon” tanlovi Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida 7-9 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Tanlov ishtirokchilariga omad tilab qolamiz.