Qashqadaryolik bir guruh yoshlar harbiy qism mehmoni

Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlar sabab milliy armiyamiz yosh avlod uchun mardlik, matonat va hayot maktabiga aylandi. Eng asosiysi, bugun yurtimiz o‘g‘lonlari armiya safida xizmat qilishni muqaddas burch, oliy sharaf deb bilmoqda. Bo‘lajak Vatan himoyachilarining qalbida shunday ulug‘ istakning barq urishida esa harbiy qism va muassasalarga uyushtirilayotgan ekskursiyalarning ham ahamiyati beqiyosdir.

Zotan, armiya va xalq yakdilligi, birdamligi ifodasi bo‘lgan mana shunday sermazmun tadbirlar orqali yoshlar harbiy xizmatchilarning hayoti va xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishishga muyassar bo‘lmoqda. O‘g‘lonlarimiz qalbida jasorat, mardlik va shijoat kabi fazilatlarni shakllantirish, shuning bilan bir qatorda, ularda harbiylikdek sharafli va mas’uliyatli kasbga qiziqishini yanada oshirish maqsadida uyushtirilgan mazkur ekskursiyaga Nuriston qo‘rg‘onidagi uyushmagan yoshlar hamda o‘quvchi-yoshlar tashrif buyurishdi.

Tadbir doirasida o‘quvchilar harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar hamda dala o‘quv maydonida olib borilayotgan amaliy o‘quv mashg‘ulotlar bilan tanishishdi. Shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi bilan samimiy muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.

Bir nechta o‘quv joyida namoyish etilgan ko‘rgazmali mashg‘ulotlar, avtomatni qismlarga ajratish va yig‘ish, avtomatdan amaliy otish mashqini bajarish, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoya­lanish usullari yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, ekskursiya davomida harbiy xizmatchilar o‘quvchilarga jangovar texnika vositalari va ularning vazifalari xususida ham batafsil ma’lumot berishdi.