Yoshlar bilan Bo'stonliq tumanidagi qadimiy g'orlarga sayohat

Kuni kecha, “Yoshlar turizm markazi” tomonidan 50 nafar yoshlarning Bo‘stonliq tumanidagi xushmanzara joylarga tanishtiruv maqsadidagi  bilan yaqindan tanishtirish, ular o‘rtasida eko turizmning g‘or turizmi yo‘nalishi va turoperatorlikni rivojlantirish maqsadida tumanda joylashgan g‘orlarga sayohat uyushtirildi.

Dastlab, yoshlar Xumson qishlog‘idagi “Qirq qiz ko‘z yoshi” nomli g‘orga tashrif buyurib, u yerning nomlanish tarixi, manzarasi va joylashuvi bilan tanishdi. Aytishlaricha, g‘or joylashgan joy qadimda Qozog‘iston hududiga qarashli bo‘lib, u yerda istiqomat qiluvchi qirq nafar qizlar ushbu g‘orga kirishgan va kutilmaganda g‘orning og‘zi yopilib qolgan. Xalqning harakatlari ham qizlarni qutqara olmagan. Shundan buyon qizlarning ko‘z yoshlari  ushbu g‘ordan tomib turadi. Shu sababli g‘orning nomi “Qirq qiz ko‘z yoshi” deb nom olgan.

Tashrif buyurgan yoshlar tomchi-tomchi bo‘lib yig‘ilib borayotgan shifobaxsh suv va u yerda VI asrdan buyon yashnab turgan yong‘oq daraxtini kuzatar ekan, bu kabi barchaga manzur bo‘luvchi joylar tumanimizda bisyor ekanligiga ishonchlari hosil bo‘ldi.

Shundan so‘ng, “Yoshlar turizm markazi” a’zolari Xojikentda joylashgan g‘orlar bilan tanishishdi. Antik davrni eslatuvchi ushbu g‘orlarda ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan yozuv va rasmlar, balandligi 25 metrlik sharshara hamda taxminan 800-850 yillik chinor daraxti bilan tanishishdi.

Ushbu sayohatdan ko‘zlangan maqsad, yoshlar orasida ichki turizmni yanada rivojlantirish, yurtimizning boy tarixi va takrorlanmas tabiati bilan yaqindan tanishtirish, ular o‘rtasida turoperatorlikni rivojlantirish va mustahkamlashdan iborat.