Tarixiy xotira va miliy g’urur tarannumi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi PQ-3667-son Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Yoshlar ittifoqi tizimida may oyi — “Xotira va qadrlash oyligi” deb e’lon qilingan.

Mazkur oylik doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamkorligida joriy yilning 2 may kuni Ikkinchi jahon urushi yillaridagi harbiy texnikalarda o‘sha yillarning harbiy kiyimini kiygan harbiy orkestr ijodkorlarining Toshkent ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib, belgilangan joylarda konsert dasturlarini uyushtirish aksiyasi o‘tkazishdi.

Mazkur aksiya “Mardlik, burch va sadoqat” shiori ostidagi targ‘ibot aksiyasi hisoblanadi.

 

Targ‘ibot tadbirida O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabalaridan iborat damli cholg‘ular orkestri jamoasi ham qatnashib, yig‘ilganlarga urush davridagi kuy qo‘shiqlarni ijro etib berishdi.

Shuningdek, ko‘ngilli yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularga targ‘ibot materiallari topshiriladi. Guruh esa ushbu materiallarni yo‘l xaritasi bo‘ylab aholiga tarqatishdi. Bu orqali birdamlik ruhini oshirish hamda milliy uyg‘unlikni keng taranum etishga erishildi.

Aksiyadagi konsert dasturlari Do‘mbirobod dahasidagi “Mustang” AYOQSH oldida harakat boshlanishi, Usmon Nosir ko‘chasidagi Shota Rustaveli haykali oldidagi maydoncha, Temuriylar tarixi davlat muzeyi oldidagi maydoncha, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi binosi oldidagi maydoncha, Yunusobod bozori ro‘parasidagi avtobuslar bekati oldidagi maydonchalar bo‘ylab o‘tkazildi.

Avtokolonna Do‘mbirobod dahasidan Janubiy vokzal orqali Usmon Nosir va Amir Temur ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib, Yunusobod tumanidagi “Megaplanet” gipermarketi oldidan burilib qaytdi. Marshrut uzunligi 20 km.ga yaqin edi.

Bundan tashqari, “Yosh patronajlar” guruhi, O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi vakillari,  OAV xodimlari bilan birgalikda urush qatnashchilari, mehnat faxriylari holidan xabar olishdi. Shayhontohur tumanidagi Mehnat faxriylaridan 98 yoshli Xolmatov Abduqahhor ota, 92 yoshli Jo‘rayev Asqar ota, urush davridagi vaziyat, xalqning ayanchli turmush tarzini esga olishdi. Ko‘zlarida porloq kelajakka bo‘lgan umid uchquni chaqnagan yoshlarga mustaqillik ne’matining qadri, shukronalik tuyg‘ulari haqida pand-nasihat qilib, xalqimiz nurafshon hayoti, tichligi va tole’sini tilab uzoq duo qildilar. Xalqimizning ana shunday o‘lmas qadriyatlari, bebaho ma’naviy fazilatlarini namoyon etishga qaratilgan mazkur tadbir ajdodlarga yuksak hurmat va ehtirom ifodasidir.

Shaxnoza Nurullayeva

Foto: Rustam Nazarmatov