1-iyun kuni Sankt-Peterburgda “Scorpion” filmining suratga olish ishlari o‘z nihoyasiga yetdi.

Ko‘plab xorijlik mutaxassislardan tarkib topgan ijodiy guruh uch oy davomida Toshkent, Sankt-Peterburg hamda Marokashning bir qancha shaharlarida qizg‘in ish olib borishdi. Yoshlar o‘rtasida xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashishga da’vat etuvchi filmda Farxod Maxmudov, Karim Mirxodiyev, Yulduz Radjabova, Rano Shodiyeva kabi taniqli aktyorlar ishtirok etishdi.

Shuningdek, rollarda mashhur turkiyalik aktyor Murat Yildirim va rossiyalik aktyor Vyacheslav Razbegayev ishtirok etdi.

Hozirda ijodiy guruh keyingi bosqich, ya’ni filmning postprodakshn jarayonini boshlab yuborishgan. Ushbu jarayonda xorijlik mutaxassislar ish olib borishmoqda, masalan, filmning ovoz dizayni ustida Geri Burjua (AQSH, “Prevosxodstvo Borna”, “Perviye mstiteli”) va Aleksey Sinisin (Rossiya. “Savva”, “Zashitniki”) ishlaydi. Ovoz ustida ishlash jarayoni “Mosfilm” kinokonserni negizida amalga oshiriladi. Rang-tasvirda esa “Legenda 17”, “Dvijeniye vverx”, “Viking” kabi filmlarda ishlagan Moskvaning “Color Kitchen” kompaniyasi hamkorligida olib boriladi. Film musiqasi uchun esa rossiyalik taniqli bastakor Ilya Zudin (“Dinamit” guruhining sobiq solisti) taklif qilingan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu loyiha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan suratga olingan bo‘lib, film premyerasi joriy yilning oktyabr oyida o‘tkaziladigan “Prologue” Xalqaro kinofestivalida namoyish etilishi rejalashtirilgan.