O'zbekistonning eng yaxshi startapi aniqlandi Endi u Shvetsariyada mamlakatimiz sharafini himoya qiladi!

Bugun “Yoshlar press-klubi”da rivojlanayotgan bozor va jadal suratlarda ketayotgan startap-ekotizimga ega mamlakatlarda boshlang‘ich bosqichdagi startaplarning eng katta bellashuvi — Seedstars Worldning O‘zbekistondagi final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda bellashuvning 2018-yilning 14-may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan quyi bosqichida saralangan 11 ta eng yaxshi startap o‘z loyihasini O‘zbekiston hakamlar hay’atining xalqaro paneliga taqdim etdi.

Mazkur taqdimot tadbirida Ground Zero direktori — Abdulahad Kuchkarov, Torg.Uz/OLX Uzbekistan asoschisi —Vyacheslav Kan, Oriyent Capital Management direktori — Anvar Irchayev, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari — Odiljon Tadjiyev, Seedstars tadbirida Markaziy-Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha menedjer — Alina Rozanova hamda ilg‘or tadbirkor yoshlar ishtirok etishdi.

Maqsad – yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlar faoliyatida duch kelayotgan muammolari yuzasidan yetakchi tadbirkorlar maslahatlarini tinglash, ularning tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda ushbu faoliyatni boshlash istagidagi yoshlar va yosh tadbirkorlarni qamrab olish maqsadida tashkil etildi.

Qiziqarli va kreativ yondashuvli taqdimotlardan so‘ng, va nihoyat, mutlaq g‘olib aniqlandi.

1-o‘rin mobil ilova orqali buyurtma bo‘yicha taom yetkazib berish xizmatini taklif etgan Akmal Payziyevga nasib etdi va u Shvetsariyada bo‘lib o‘tadigan Seedstars Summit sammitida mamlakatimiz sharafani himoya qilish imkoniga ega bo‘ldi.

2-o‘rinni mahalliy supermarketlardan mahsulot yetkazib beradigan onlayn-do‘kon loyihasi bilan qatnashgan Botir Arifjonov, 3-o‘rinni esa biznes riteyl, online va offline boshqarish va rivojlantirish dasturi bilan ishtirok etgan Rustam Hamidullayev qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, bellashuvning yakuniy bosqichida global Seedstars Summitda bellashuv finali, muhokamalar va maxsus vorkshoplar, mentor va investor sessiyalari o‘tkaziladi.

Unda rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtidor egalari to‘planadi, mahalliy g‘oliblar Seedstars World Global Winner maqomi va 1 million AQSH dollarigacha bo‘lgan investitsiyani yutib olish imkoniyati uchun kurash olib borishadi.