O‘zbekistonlik yoshlar Qozog‘istonda oliy ta’lim olishi mumkin!
Bu yil Qozog‘istonda e’lon qilingan “O‘zbekiston yili” munosabati bilan Prezident N.Nazarboyev 10 ming nafar o‘zbek yoshlari uchun grant ajratishga qaror qildi. Samarqand davlat universitetida boshlangan “Qozog‘iston ta’lim kunlari” ilmiy-ma’rifiy ko‘rgazmasida bu haqda batafsil ma’lumot berildi, deydi O‘zA.
Manbaga ko'ra, ko‘rgazmada Qozog‘iston Respublikasining Turon universiteti, Janubiy Qozog‘iston, Olmaota, Qarag‘anda, Chimkent davlat universitetlari, Tog‘-kon industriyasi instituti kabi 15 ta oliy o‘quv yurtining ta’lim yo‘nalishlari va ixtisosliklari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
– Bugun Qozog‘iston oliy ta’lim muassasalarida 4 mingga yaqin o‘zbekistonlik yosh tahsil olmoqda, – deydi Qozog‘iston ta’lim va fan vazirligi vakili Z.To‘rebekova. – Bu yil yurtimizda e’lon qilingan “O‘zbekiston yili” munosabati bilan Prezident N.Nazarboyev yana 10 ming nafar o‘zbek yoshlari uchun grant ajratishga qaror qildi. Bu yerga kelishdan avval Navoiy viloyatida bo‘lib, Navoiy konchilik instituti bilan memorandum imzoladik. Samarqand oliy o‘quv yurtlari bilan ham bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlari, zamonaviy axborot texnologiyalari, masofadan turib o‘qitish, xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash masalalarida hamkorlik qilishni rejalashtirganmiz.
Tadbir ishtirokchilariga “Qozog‘iston – O‘zbekiston: katta yo‘lning boshlanishi” hujjatli filmi namoyish etildi.
Ko‘rgazma 20 mayga qadar davom etadi.
- Qo'shildi: 19.05.2018
- Ko'rishlar: 25
- Chop etish
