“Yosh fermerlar innovatsion rivojlanish yo‘lida” ilmiy-amaliy seminari Buxoroda!

Kechagina Jondor tuman hokimligining yig‘ilishlar binosida tuman hokimligi, Yoshlar ittifoqi Buxoro viloyat Kengashi, Yosh fermerlar Kengashi bilan hamkorlikda “Yosh fermerlar innovatsion rivojlanish yo‘lida” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Tuman hokimi Saidov Rahmon, Yosh fermerlar Kengashi rahbari Sherzod Rahmonov, Fermer xo‘jaligi rahbarlari va shu bilan bir qatorda yosh fermerlar, uyushmagan yoshlar hamda hamkor tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Dastlab, “Agrokimyo himoya” AJ tomonidan yosh fermerlar va dehqon xo‘jaligi rahbarlariga kimyoviy preparatlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Shundan so‘ng, soha mutaxassislari tomonidan endilikda fermerlikni boshlayotgan yoshlar uchun mahorat darslari tashkil etildi.

Seminarda “Agrokimyohimoya” AJ raisi o‘rinbosari Hamza O‘rinov so‘zga chiqib, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi xomashyolaridan yuqori sifatli mahsulot olish uchun ularda uchrayotgan kasalliklar va ularni kimyoviy, texnik hamda biologik usullarda oldini olish va barcha turda kimyoviy prepartlardan foydalanish usullari haqida, “G‘afurova Sidiqa Ziyodullayevna” f/x rahbari G‘afurova Sidiqa paxta g‘o‘zasini parvarishlash va biologik himoyalash bo‘yicha yosh fermerlarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Ollohnazar Shohnazar Bobonazar”f/x rahbari Bobonazar Chorov esa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishning dolzarb masalalari yuzasidan hamda mamlakatimizda yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanish, yoshlarga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish ayniqsa intensiv bog‘lar yaratish, tomchilatib sug‘orish, parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha maslahatlar berdi.

Shu bilan birga, yoshlar tomonidan yo‘llangan savollarga tuman hokimi, fermer xo‘jaligi rahbarlari va hamkor tashkilot vakillari tegishlicha javob berishdi.

Seminar yakunida, faol ishtirok etgan yoshlar tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

Yoshlar bu seminarni uzoq muddat unutmaydi!