Anjuman faoliyatimizda tub burilish yasaydi!
Qarshida bolalar bayrami boshlandi. Musiqa sadolari ostida kutib olingan Sardorlarning kayfiyatlari a’lo. Ular his-hayajonlarini yashirish o'tirishmadi!
— Anjuman ishtirokchisi ekanligimdan juda ham xursandman, — deydi Samarqand shahrining Sardorlar Kengashi a’zosi Xanifa Zayniddinova. — Kutib olishning o‘zidayoq turli viloyatlardan kelgan Sardorlar bilan do‘stlashib oldik. O‘z viloyatimiz yoshlarining yutuqlarini, amalga oshirayotgan faoliyatini namoyon etamiz va albatta, bilimlarimizni oshirib, o‘zaro tajriba almashib, yangi g‘oyalar bilan uyimizga qaytamiz, deb bemalol ayta olaman.
— Anjuman tashkilotda faoliyat yuritayotgan barcha Sardorlar ishtirok etishni istaydigan katta bir to‘y-u tantanasi deb bilaman, — deydi Buxoro viloyati Ittifoq Sardori Javohir Saidov. Sababi, mazkur anjuman Sardorlarning o‘tgan yilda olib borgan faoliyatiga baho berib, yangi yilni yangi g‘oya va tashabbuslar bilan qarshi olishi uchun ham ahamiyatlidir. Biz Buxoro Sardorlari ham o‘tgan o‘quv yilida ko‘pgina loyihalarni amalga oshirdik, tengdoshlarimizni tashkilot atrofida birlashtirishga harakat qildik. Anjumanda esa Sardorlar bilan mahoratimizni oshirib, yangicha takliflarni muhokama qilishni maqsad qildik. O‘ylaymizki, anjuman faoliyatimizda tub burilish yasaydi.
Tantanali kutib olingan Sardorlar qadim va navqiron Shahrisabzning “Lochin” oromgohiga yo‘l olishdi!
- Qo'shildi: 19.05.2018
- Ko'rishlar: 18
- Chop etish


