Qashqadaryoda namunali tuman, shahar Yetakchilar Kengashi saralandi
2017-yilning sentyabr oyidan boshlab, viloyatda jami 32 ming 792 nafar Yetakchilar Kengashi a’zolari mavjud bo‘lib, shundan 120 nafari tuman, shahar Yetakchilar Kengashlarini tashkil etadi.
Ana shu 120 nafar iste’dodli, navqiron va zukko yoshlar orasida jamoa bo‘lib ishlash tartibi, yangicha fikrlash va dunyoqarashlari, intellektual salohiyatlarini ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida Qashqadaryo viloyat Yetakchilar Kengashi tomonidan “Eng namunali tuman, shahar Yetakchilar Kengashi” tanlovi o‘tkazildi.
Viloyatning har bir tuman, shahar Yetakchilar Kengashi 4 shart bo‘yicha o‘zaro bellashib, bilim va zakovatlarini namoyish etishdi.
Tanlovning 3-“Innovatsion loyiha” shartida o‘zlarining yangicha uslubda yondashilgan va yurtimiz ichki turizmini yanada rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy loyiha bilan ishtirok etishgan bo‘lsa, “Intellektual ring” shartida muboraklik yetakchilar bilimlarini ko‘rsatib qo‘yishdi.
– Ushbu tanlovning o‘tkazilishini anchadan buyon kutayotgan edik, – deydi Nishon tumani jamoasi vakili Shomurodov Oybek.
– Mana bugun ana shu taklifni bizni har doim qo‘llab-quvvatlab keluvchi viloyat yetakchilari tashabbus ko‘rsatib amalga oshirishdi. Shartlar davomida boshqa tuman yetakchilari bilan raqobat tarzda emas, balki do‘stona munosabatda o‘zaro bellashdik. Tanlovning ko‘tarinki kayfiyatda o‘tganligi ham ana shunda. Garchi g‘olib bo‘lmagan bo‘lsak-da, yakuniy natijalardan barcha birdek mamnun.
Shunday qilib, tanlov natijalariga ko‘ra, G‘uzor tumanining “O‘zbekona” jamoasi 3-o‘rin, Muborak tumanining “Shijoat” jamoasi 2-o‘rin va Koson tumanining “Istiqlol yoshlari” jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
G'oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdrilanishdi.
- Qo'shildi: 19.05.2018
- Ko'rishlar: 21
- Chop etish
