Ra'no Shodiyeva: "Vaqti kelib bu yoshlar ham muvaffaqiyat hikoyalarini yozadi!"
Toshkentda imkoniyati cheklangan yoshlar uchun o'quv-seminar tashkil etildi!
Bugun mamlakatimizda imkoniyati cheklangan bo‘la turib, yashashga bo‘lgan ishtiyoqi va iste’dodi bilan e’tiborga tushayotgan yoshlar anchayin.
Ularning tashabbuslari esa doimiy e'tiborda.
Kechagina Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi Turkiyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi "TIKA" bilan hamkorlik uchrashuvini o‘tkazgan edi.
Unda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar va memorandum tuzish yuzasidan fikr-mulohoza almashildi.
Bugun esa “Yoshlar ijodi saroyi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengash qoshidagi Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi tomonidan “Tadbirkorlik sirlari” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Unda Psixologik madad markaz rahbari Dilfuza Sultonova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Alisher Sagdullayev, Korzinka.uz tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov, rassom Jasur Jumayev va yoshlar ishtirok etishdi.
Seminar-trening imkoniyati cheklangan insonlarga psixologik yordam ko‘rsatish, ularga tadbirkorlik asoslarini hamda biznes reja tuzish sirlarini o‘rgatish, o‘zlariga bo‘lgan ishonchlarini yanada mustahkamlash va hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir avvalida imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi rahbari Ra’no Shodiyeva loyihaning ahamiyati va undan kutilayotgan natijalar xususida so‘z yuritdi.
– Faoliyatimiz davomida internat maktablariga borib, imkoniyati cheklangan yoshlar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashganimizda ulardan takliflar tushgandi. Ayni shu murojaatlarni e’tiborga olgan holda seminar-trening tashkil etdik. Bu orqali yoshlarimizning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga, ularning hayotidagi muvaffaqiyat hikoyalarini yaratishga, jamiyatga qo‘shilib munosib yutuqlarni qo‘lga kiritishlariga erishamiz.
Seminarda Dilfuza Sultonova “Tadbirkorlikka kirishdagi ruhiyat”, Zafar Hoshimov “Tadbirkorlik uchun g‘oya tanlash”, Alisher Sagdullayev “Tadbirkorlik sohasini rivojlantirish va biznes loyihalar”, Yusuf Zokirjonov esa “Korxonaning yuridik maqomi va kredit” mavzularida ma’ruza qildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shaxnoza Nurullayeva
- Qo'shildi: 23.05.2018
- Ko'rishlar: 26
- Chop etish





