O’zbekiston yoshlar ittifoqi bilan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi o’rtasida hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi bo’lib o’tdi
Joriy yilning 22-may kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan onlayn-videokonferensiya tashkil etildi. O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi binosida o’tkazilgan tadbir “Oila markazi 100 kun ichida:maqsad-vazifalarimiz farovon va baxtli oila qurish” deb nomlandi. Mazkur tadbir avvalida O’zbekiston yoshlar ittifoqi bilan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi o’rtasida hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston yoshlar ittifoqi raisi – Qahramon Quronboyev, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari – Dilorom Tashmuhamedova, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi vakilari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Unda Davlat maslahatchisi – Qahramon Quronboyev oilaviy masalarga o’z munosabatini bildirdi.
–17 mln yoshlar bizdan rozi bo’lsagina biz o’z ishimizdan qoniqamiz, asosiy vazifamiz oilaviy ajrimlarning oldini olish, O’zbekistoning kelajagi bo’lgan yoshlarni otasiz, yoki onasiz o’sib, o’ksinib yashashiga qo’l qo’ymaslik. Buning uchun oilaning ichki munosabatlari, boy madaniy tarixiy meros va an’anaviy oilaviy qadriyatlar muammolari bo’yicha fundamental amaliy va innovatsion tadqiqotlarni o’tkazish, ular asosida oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlab, oilaviy ajrimlarning oldini olish bo’yicha takliflarni ishlab chiqish va samarali amalga oshirish kerak. Umid qilamanki, bu muhim kelishuv yoshlar manfaatlarini himoyalash yo’lidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko’tarishga xizmat qiladi.
Mazkur Memorandumni O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bilan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi yoshlarni hayotga tayyorlash, ularning mamlakatni yanada demokratlashtirish va yangilash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonidagi keng ishtirokini ta’minlash, yoshlarda yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish ishiga ko’maklashish, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda yosh oilalarning faol ishtirokini ta’minlash uchun ikki tashkilotning Markaziy va hududiy Kengashlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan o’zaro hamkorligini har tomonlama mustahkamlash muhimligini hisobga olgan holda imzolandi.
Yuqoridagi tashkilotlar o’rtasida hamkorlik aloqalari orqali oila instituti mustahkamlanib, oilaning reproduktiv salomatligi hamda demografik rivojlanishi o’sib, zamonaviy oila rivojlantiriladi. Shu bilan birga umuminsoniy va milliy oilaviy qadriyatlarni saqlab qolinishi, notinch va muammoli oilalarni aniqlab, ularning manzilli ro’yxatlarini tuzishga, ma’naviy-axloqiy muhitni sog’lomlashtirilishi, nizoli holatlarni bartaraf etish, milliy mintalitetga zid bo’lgan turli yot xavf-xatarlarga qarshi turish maqsadida ular bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa o’rnatishga erishiladi.
Ma’lumot o’rnida ta’kidlash joizki, O’zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan respublikamiz bo’ylab barcha viloyatlarda ixchamlashtirilgan, namunali to’ylar tashkil etildi. Xususan, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg’ona, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida jami 88 ta to’ylar belgilangan tartib asosida ixcham va dabdababozliklardan holi tarzda o’tkazildi. Mazkur to’ylardagi yosh oila vakillariga O’zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan kitoblar jamlanmasi hamda yurtimizning tarixiy shaharlari bo’ylab ziyorat sayohati uchun yo’llanmalar sovg’a sifatida topshirildi.
Shaxnoza Nurullayeva
- Qo'shildi: 22.05.2018
- Ko'rishlar: 21
- Chop etish

.jpg)

