15 kunda amalga oshgan orzu!
G'ijduvonlik yetakchilar peshqadam...
O'zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida e'lon qilingan "Uyushmagan yoshlar bilan ishlash haftaligi" doirasida G'ijduvon tumanida ham bir qator ishlar amalga oshirilgan edi.
Jumladan, imkoniyati cheklangan uyushmagan yoshlar bilan ham alohida suhbatlar olib borilib, ularning muammolari aniqlangan edi.
Xususan, tumandagi "Pozagari" mahalla fuqarolar yig'inida istiqomat qilib kelayotgan Shaxnoza Qo'ldosheva bilan tuman Yoshlar yetakchisi samimiy suhbat qildi.
Suhbat jarayonida Shaxnozaning she'riyatga qiziqishi, shu bilan bir birga, tikuvchilik va zardo'zlikni ham juda yaxshi o'zlashtirgani ma'lum bo'ldi.
Lekin faoliyat yuritishi uchun Shaxnozada tikuv mashinasi yo'q. O'zbekiston yoshlar ittifoqi esa yana har doimgidek yoshlarning orzu-istaklariga kalit bo'ldi. Oradan 15 kun vaqt o'tib, tuman Kengashi tomonidan Shaxnozaga zamonaviy tikuv mashinasi sovg'a qilindi.
- Juda hayajondaman, - deydi Shaxnoza. O'sha vaqtda tuman Yoshlar yetakchisi bilan suhbatlashganimda, tikuv mashinam bo'lishini xohlashim va albatta bu orqali birovga yuk bo'lmay, hayotda o'zim harakat qilish niyatida ekanligimni aytgan edim. Lekin rostini aytganda, yordam berishlariga ishonmagan edim. Sababi, bundan oldin ham ko'p mas'ullarga shu niyatimni aytganman. Ammo, natija bo'lmagan. Bugun esa qo'qqisdan uyimizga ittifoqchilar tashrif buyurishdi-da, yap-yangi tikuv mashinasini sovg'a qilishdi. Endi kunlarim mazmunsiz, samarasiz o'tmaydi.
Shaxnozaning quvonchi cheksiz. U o'sha zahoti tikuv mashinasini ishlatdi. Ishtiyoqi kuchli ekan, darrov mashina bilan til topishdi.
Shaxnozadek har qanday vaziyatda ham yashashdan zavq olib, boshqalarga foydasi tegishini maqsad qilib yashayotgan yoshlar safi kengayishi tilakdoshimiz!
- Qo'shildi: 22.05.2018
- Ko'rishlar: 20
- Chop etish
