Navoiy hokimi kelajak olimlarining innovatsiyalari uchun yana 150 mln so'm аjratdi!

Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuv noan'anaviy tarzda boshlandi.

Xabaringiz bor, viloyat hokimi Qobul Tursunov shu yilning fevral oyida hududdagi yosh olimlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 70 mln so'm mablag' ajratgan edi.

Bugun esa viloyatda Yosh olimlar kengashining rasmiy ochilishi munosabati bilan yana kelajak olimlarining innovatsiyalari uchun 150 mln mablag'dan foydalanish uchun chek taqdim qildi.

Yoshlar bu e'tibor va g'amxo'rlikni kelgusidagi ixtirolari uchun avans sifatida qabul qildi.

Uchrashuv ochiq muloqot tarzida tashkil etilib, bir qancha muammolar, takliflar o‘rtaga tashlandi.

Navoiy shahrida yashovchi yosh tadbirkor Firdavs Ibrohimovning faoliyatni kengaytirish maqsadida yer olish masalasida bergan taklifi qondirildi.

Bundan tashqari, bir yillik harbiy xizmatni o‘tab qaytgan uchquduqlik Mirshod Bozorov mahalla posboni vazifasida ishga qabul qilindi.

Yigirmaga yaqin yoshlarning muammolari joyida hal etilib, tegishli korxona va tashkilotlarga ko'rsatma berildi.

Qolaversa, yoshlar tadbirkorlik, kredit olish, bandlik, yer ajratish, kasanachilik bo'yicha o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.