Yosh kinoijodkorlar Kengashining Fransiyada o’tkazilgan 71-Kann Xalqaro festivalidagi ishtiroki bilan bog'liq hisoboti yuzasidan matbuot anjumani

Joriy yilning 24-may kuni O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi “Yoshlar press-klubi”da  yurtimizning  yosh kinoijodkorlari Fransiyada o’tkazilgan 71-Kann Xalqaro festivalidagi ishtiroki hamda unda ilk bor “Uzbekistan” milliy pavilonining tashkil etilishi bilan bog’liq hisobotiga qaratilgan matbuot anjumani bo’lib o’tdi.

Unda Yosh kinoijodkorlar Kengashi raisi – Oybek Abdushukurov,  yosh kinorejissyor – Muxlisa Azizova, Respublika kinoprokat direktori – Ma’rufjon Muxtorov, aktyor – Akbarxo’ja Rasulov, mamlakatimizning eng old OAV xodimlari hamda faol yoshlar ishtirok etishdi. Anjuman avvalida, Oybek Abdushukurov festivaldagi ishtirokning ahamiyati, undan ko’zlangan maqsad va  erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berdi.Shuningdek, 10 ga yaqin  xorijiy davlatlardagi kinorejissyorlardan O’zbekistonda film olish taklifi tushganligi, quvonarlisi, bu filmlardagi qahramonlarning teng yarmi o’zbekistonliklar bo’lishiga kelishilganligi haqida ham alohida to’xtaldi.

Ochiq muloqot mobaynida Xalqaro festivaldagi ishtirok bilan bog’liq sarf-harajatlar yuzasidan ham hisobot taqdim etildi. Qizg’in bahslarga boy uchrashuvda jurnalistlar Yosh kinoijodkorlar Kengashi vakillariga bir qator savollar bilan murojaat qilishdi. Savo-javoblarda asosan,  “Scarpion” filmi rejissyori Muxlisa Azizovadan turk aktyorlari bilan hamkorlikda suratga olinayotgan filmning premyera kuni va film xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutilayotganligi ta’kidlandi.

Muxlisa Azizova esa bunga javoban suratga olish jarayonlarining bir oylik tanaffusi, bunga sabab aktyorning yangi qiyofaga tayyorgarlik ko‘rib olishi va film davomini suratga olish uchun ijodiy guruhning Sank-Peterburgga jo‘nab ketayotganligini ma’lum qildi.

Jurnalistlar tomidan berilayotgan savollardan biriga Oybek Abdushukorov quyidagicha javob berdi:

– Rossiya bilan hamkorlikda suratga olinayotgan “Xo‘ja Nasriddin” filmining ssenariysi hamkorlikda yoziladi.

Bundan tashqari, anjuman doirasida spikerlarga og‘riqli savollar ham bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘lgan yosh kinoijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro festivallarga ishtirokini rag‘batlantirish bilan bog‘liq murojaatga ular Yosh kinoijodkorlar Kengashining yillik harajatlar smetasida  mazkur masala kiritlmaganligi, ammo kelgusi yilda bu borada aslo muammo bo’lmasligini aytishdi.

Shaxnoza Nurullayeva