Buyuk Britaniya-O‘zbekiston hamjamiyati vakillari ishtirokida videokonferensiya tashkil etildi
23-may kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi binosida Buyuk Britaniya-O‘zbekiston hamjamiyati vakillari ishtirokida videokonferensiya o‘tkazildi.
Unda 50 nafar Britaniyaning jamiyat arboblari, akademik va biznes sohasida faoliyat olib boruvchi shaxslar va yoshlar ishtirok etishdi.
Ushbu tadbir Buyuk Britaniya-O‘zbekiston hamjamiyati rahbari – doktor Shirin Akiner va O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchisi – Alisher Shayxov ko‘magida o‘tkazildi.
Tadbir davomida zamonaviy o‘zbekistonlik yoshlarning hayot tarzi, qiziqishlari va intilishlari muhokama qilindi. Bundan tashqari, turli masalalarda –o‘zbek milliy musiqasi, san’ati va madaniyati, milliy liboslarini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, yurtimizda oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish, chet el texnologiyalari hamda tajribasidan foydalanib, istiqboldagi rejalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Keng jamoatchilik Yoshlar tashkiloti vakillariga Ittifoq faoliyati, yoshlarni ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlari borasida savollar berishdi. Mazkur savollarga Markaziy Kengash raisining o‘rinbosari Kamoliddin Beknazarov, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi raisi Murodilla Alimbayev va Yoshlar masalalarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti direktori Aktam Jalilov tegishlicha javob berishdi.
- Qo'shildi: 24.05.2018
- Ko'rishlar: 35
- Chop etish



