Yurtimizda "Kitob bayrami" tantanalari bo'lib o'tdi
Kitob olamning ma’naviy xaritasidir. Kitob o‘qigan inson dunyoni taniydi, hayotni o‘rganadi va odamlar qalbiga yo‘l topa oladi!
24-25-may kunlari Toshkent shahridagi “Sayilgoh” ko‘chasida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan “Kitob bayrami” tanatanalari tashkil etildi.
Bayram tadbirida bolajonlar, yoshlar, yoshi ulug‘ insonlar, hamkor tashkilotlar vakillari, shoir-yozuvchilar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Ochiq osmon ostida tashkil etilgan bayram kitobni sevadigan, kitobga ixlos qo‘ygan insonlarga chinakam quvonch ulashdi.
Dastavval, “Zarafshon” konsert zalida o‘tgan matbuot anjumanidan so‘ng, “Kitob bayrami” tantanalarining rasmiy ochilishi bo‘ldi.
E’tiborlisi, bayram ochilishi bilan ishtirokchilar sahroda qolgan tashnadek kitoblarga talpinishdi. Har kim o‘zi izlagan asarini topdi. Yangi nashrdan chiqqan kitoblar ham katta qiziqish bilan kutib olindi.
Bayram tantanalari doirasida O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning “Do‘xtir-tabib”, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Tagob qishloq ertaklari” va O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning “Yangi she’rlar” va “Yevropaga sayohat” kitoblarining taqdimot marosimlari o‘tkazildi. Ijodkorlarni adabiyotning yetuk darg‘alari: shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar va ularning shogirdlar ezgu tilaklar bilan qutlashdi.
Taqdimot doirasida bo‘lib o‘tgan mushoiralar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
– “Kitob bayrami” tantanalarini tashkil etishimizda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlar hamkorlik qilishdi, – deydi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov. – Kitob bayramini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – kitobning jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi o‘rnini yanada oshirish, buyuk ajdodlarimizning yorqin xotirasini, zamonamiz qahramonlari timsolini haqqoniy va xalqchil aks ettiruvchi adabiyotlar salmog‘ini oshirishda adib va noshirlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, intellektual rivojlangan, jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol qilib voyaga yetkazishda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada yuksaltirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishdir.
- Qo'shildi: 25.05.2018
- Ko'rishlar: 25
- Chop etish


