“Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmog‘ini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5388-sonli Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 25-may kuni  Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Yosh fermerlar Kengashining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmog‘ini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyaning ochilish marosimida  O’zbekiston davlat agrar universiteti rektori – Botirjon Sulaymonov, O’zbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi o’rinbosari — Odiljon Tadjiyev, Amerikadagi O’rta osiyo mamlakatlari institutlari bilan hamkorlik qilish instituti  direktori  – Norman Grexon va republika bo’ylab tashrif buyurgan yosh fermerlar, Oliy ta’lim muassasalari yetakchilari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur anjumanda  rivojlangan davlatlar tajribasi asosida bog’lar va tokzorlarga ishlov beruvchi, sabzavotlar urug’larini ekadigan va yig’ishtirib oladigan texnikalarga, fermer va dehqon xo’jaliklariga , yoqilg’i moylash mahsulotlari , mineral o’g’itlar, urug’liklar yetkazib berish hamda kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurashish masalalari bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh fermerlarning taklif va tavsiyalarini amaliyotda joriy qilishga alohida e’tibor qaratildi.  

Tadbir avvalida, Odiljon Tadjiyev yurtimiz taraqqiyotida fermerlik sohasining o’rniga  alohida to’xtaldi. Respublikamizda meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohalaridagi mavjud yutuq va kamchiliklarni o‘rganish orqali sohani yanada rivojlantirishi, bu esa o’z navbatida bizning  yosh fermerlarimizga uzviy bog’liqligini ta’kidladi.  Konferensiya orqali fermerlik sohasida yuksalish bo’lishiga ishonch bildirib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishda vazirliklar, idoralar, ta’lim muassasalari, o‘z-o‘zini boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ishlab chiqarish subyektlarining faol hamkorligi ta’minlandi.

Konferensiyaga 15-apreldan 15-mayga qadar 200 ga yaqin ilmiy maqolalar qabul qilinib, hamkor tashkilotlar yordamida tashkil etilgan ekspertlar guruhi tomonidan eng sara 110 ta ilmiy maqolalar to‘plam chop etish uchun tanlab olindi.

Toshkent davlat agrar universitetida o‘tkazilgan konferensiyada qishloq xo‘jaligi sohasiga doir katta ko‘rgazma o‘tkazildi.Unda ishtirkochilar qishloq xo’jaligidagi innovatsion texnologiyalar hamda yetishtirilgan meva –sabzavotlar, urug’ va ekinlarning turlari bilan yaqindan tanishishdi.

Bundan tashqari  konferensiyaning  yalpi yig‘ilishi bilan 4 ta sho‘balarda tahlillar o‘tkazildi.

Konferensiya quyidagi sho‘balarda ish olib bordi:

1-sho‘ba: Meva-sabzavot va uzum yetishtirishda intensiv hamda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish.

2-sho‘ba: Meva-sabzavot va uzumni qayta ishlashda zamonaviy mini-texnika va innovatsion texnologiyalardan foydalanish.

3-sho‘ba: Meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini o‘zbek brendi ostida jahon bozoriga eksport qilishning samarali tizimini yaratish.

4-sho‘ba:Meva-sabzavotchilik majmuini integratsion jarayonlar va klaster yondashuvi asosida rivojlantirish.

Anjumanda  har bir hududdan 10 nafardan faol va istiqbolli yosh fermerlar ham ishtirok etdi. Konferensiya ishtirokchilari tashkilotlarning faxriy yorliq va sertifikatlarini qo‘lga kiritishdi. Ushbu ilmiy maqolalar to‘plami O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan chop etiladi hamda elektron shaklda internet tarmoqlariga ham joylashtiriladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur konferensiya orqali  yurtimizda  meva-sabzavot va uzum mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy innovatsion usullarda saqlash va qayta ishlashni joriy qilish, eksport hajmini oshirish hamda sohadagi salbiy omillarni bartaraf etishga qaratilgan taklif-tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni amaliyotga joriy qilinishiga erishildi.

Shaxnoza Nurullayeva