"Prezidentim otam-onam ulgurmagan burchni bajardi" 3 yoshida otasidan, 11 yoshida onasidan ayrilgan Farangizni hayot keragidan ortiq sinadi...
Xabaringiz bor, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida ko‘p yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoyi, tabiiy yetakchilik qobiliyatini namoyon etgan, vatanparvar, yurt kelajagiga daxldorlikni his qiladigan, mehnatsevar va boshqa insoniy fazilatlar egasi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi 914-sonli qarori imzolangan edi.
Kuni-kecha esa Yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan 14 nafar tashkilot faoli OTMga davlat granti asosida o‘qishga kirishi haqida ma'lumot taqdim qilgan edik.
Ulardan biri samarqandlik Farangiz Xudayorova.
***
Respublika yoshlar markazi Samarqand viloyati bo‘linmasi qoshidagi “Yosh lektorlar” to‘garagi rahbari kuni-kecha e'lon qilingan xabardan nihoyatda quvondi. Ko'zlaridagi quvonch yoshini yashirib quvondi.
Uning ko‘p yillik orzusi amalga oshdi. Davlat granti asosida imtiyozli o‘qishga kirish huquqiga ega bo'ldi.
3 yoshida otasidan, 11 yoshida onasidan erta ayrilgan Farangiz uchun bu kunga yetib kelish oson bo‘lmadi.
Maktab davridanoq sardor sifatida faoliyat olib borgan Farangiz chet tillarini va jurnalistika sohasini mustaqil o‘rgandi.
— Bugungi kun bir umr yodimda qoladi. 4 yildan buyon abituriyentman. Imtihonlardan o'tolmaslik... kuchli bo‘lishga majburlik... bularni hozir tushuntirib berolmayman. Hayotda har bir insonning oliy maqsadi bo‘ladi. Meni maqsadim - oliy ta’limga kirish edi. 13 yildan buyon tizimning ichidaman. Eslagulik voqealar ko‘p bo‘lgan. Ammo bugungi kunni unutib bo'lmaydi. Bugun orzuim amalga oshgan kun sifatida hayotimda alohida sahifa ochdi, - deydi F.Xudayorova.
Farangiz 2012-yilda “Mehr va muruvvat” jamoat fondining stipendiyasi sovrindori bo‘lgan.
2014-yilda ingliz tilini boshlang‘ich kursini o‘rganuvchilari uchun mo‘ljallangan “Step by step” nomli ilk uslubiy qo‘llanmasini chop ettirgan.
2016-yilda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamda “Zarafshon” gazetasi tahririyati tomonidan sertifikat bilan taqdirlangan.
Bugunga qadar bosma nashrlarda uning 50 ga yaqin tanqidiy-tahliliy maqolalari nashr etilgan.
Internet nashrlaridan 300 ga yaqin maqolalari joy olgan.
Undan kelajakdagi rejalari haqida so‘raymiz.
— Kelajakda chet tillarini yanada mukammal o‘rganib, ichki turizmni rivojlantirmoqchiman. Aynan yoshlar turizmini takomillashtirish borasidagi g‘oyalarimni hayotga tadbiq etmoqchiman, — dedi u.
Farangizning maqsadlari, orzu-istaklari olam-olam. U bu yo‘lda hech bir mashaqqat va qiyinchilikdan qo‘rqmasdan harakat qiladi. Axir hayot uni keragidan ortiq sinab qo'ygan.
Endilikda muhtaram Yurtboshimiz e'tiborlari sabab u talaba!
- Prezidentim otam-onam ulgurmagan burchini bajardi, - deydi u yana ko'zlariga yosh olib. - Qaniydi, bu baxtli kunlarimni ota-onam ko'rganida...
- Qo'shildi: 26.05.2018
- Ko'rishlar: 26
- Chop etish