O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Rossiya Federatsiyasidagi yoshlar bilan onlayn muloqoti

Rossiya Federatsiyasidagi o‘zbekistonlik yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tizimini yo‘lga qo‘yib, ularni qiynayotgan muammolarni hal qilish choralarini ko‘rish maqsadida joriy yilning 28-may kuni O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Rossiya Federatsiyasida tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan videokonferens aloqa tizimi yordamida ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot o‘tkazdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh Boshqarmasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamkorligida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi konsullik boshqarmasi birinchi kotibi – Burxon Aliqulov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Ta’lim hujjatlarini legallashtirish, tan olish va nostrifikatsiya bo‘limi boshlig‘i – Nizomjon Ishonqulov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim dasturi monitoringi bo‘limi yetakchi mutaxassisi – Abdusamad Mamanazarov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh Boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i – Kamoliddin Do‘stmatov, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari – Ravshan Ibragimov, Agentlik boshlig‘i o‘rinbosari – Baxtiyor Tursunov, fuqarolarni chet elga tashkiliy jo‘natish boshqarmasi, hujjatlarni qabul qilish va rasmiylashtirish bo‘lim boshlig‘i – Umid Isajonov va O‘zbekiston Respublikasi huzuridagi davlat xizmatlarini tashkil etish agentligi yetakchi maslahatchisi – Alisher Xudoyqulov, davlat xizmatlari markazi direktori – Shohrux Niyazovlar ishtirok etishdi.

RossiyaFederatsiyasida tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlari Yetakchisi – Qahramon Quronboyevning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali onlayn uzatildi. Rossiya Federatsiyasidagi yoshlar tegishli tashkilot vakillariga o‘zlarining taklif, muammo va mavjud savollari bilan murojaat etishdi. Onlayn muloqotda asosan over olishdagi muammolar, nostrifikatsiya masalalari, ta’lim muassasasi hududini o‘zgartirish, xorijda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, patent olish qoidalari bilan bog‘liq mavzular bo‘yicha 70 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi.

Muloqot natijalariga ko‘ra, assotsiatsiya rahbariyati va hamkor tashkilotlar tomonidan hududiy darajada amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal etish chora-tadbirlari shuningdek, xalqaro darajada hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan hukumat rahbariyatiga takliflar kiritilishi belgilab olindi.

Shaxnoza Nurullayeva