O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil

O‘lkamizda bahavo iqlimi, so‘lim tabiati, boy va qadimiy tarixi va samimiy insonlari bilan o‘ziga chorlaydigan go‘shalar bisyor. Ular hayot go‘zalligini, umr mazmunini yodga solib turadi.

Purviqor tog‘lar vazminlikni, yashil vodiylar bag‘rikenglikni, musaffo osmon ezgulikni, bahaybat daraxtlar kuchli bo‘lishni o‘rgatadi. Shuning uchun inson hamisha tabiat bag’riga talpinadi.

Kuni-kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi viloyatdagi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” loyihasini tashkil etdi.

Yoshlar, dastavval, G‘allaorol tumanidagi Sa’d Ibn Abu Vaqqos ziyoratgohida bo‘lishdi. Ziyoratgohda yosh sayyohlar uchun milliy urf-odat va qadriyatlarimizni namoyon etgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Shundan so‘ng, yosh sayyohlar Ilon o‘tdi darasidagi mashhur Amir Temur darvozasi guvoh bo‘lgan ko‘plab tarixiy shaxslar va janglar haqida mutaxassislardan ma’lumot oldilar.

Amir Temur darvozasidan chiqqach, Jizzax shahridagi Sharof Rashidov hamda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim muzeylari tomonga yo‘l olishdi. Buyuk siymolarning go‘zal xotirasi aks etgan qadamjolar yoshlarga hayotda qanday yashash kerakligi, qalblarda mangu qolish sirlarini ochdi.

Ayniqsa, Sharof Rashidov ko‘chasi bo‘ylab o‘tkazilgan “Yoshlar velomarafoni” sport musobaqasi yoshlarga chinakam kayfiyat bag‘ishladi. Marafonda Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi xodimlari ham yoshlar bilan bir safda bo‘lishdi.