Barakalla, fidoyi yoshlar! Kosonsoylik yoshlarning tashabbusidan xalq minnatdor!

Xabaringiz bor, hafta davomida yurtimizning ayrim tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik tufayli sel kelish holatlari kuzatildi.

Jumladan, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida ham tabiiy ofat qishloq xo‘jaligi va ayrim xonadonlarga o‘zining sezilarli ta’sirini ko‘rsatdi.

Shunday vaziyatda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Kosonsoy tuman Kengashi qoshida tashkil etilgan "Fidoyi yoshlar otryadi" yoshlari tashabbusni o‘z qo‘llariga olishdi.

Ular tomonidan, tumandagi "Bog‘" va "Guzar" MFYda yomg‘ir va seldan talofat ko‘rgan xonadonlarda obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Jumladan, "Bog‘" mahalla fuqarolar yig‘ini "R.Safayev" ko‘chasida joylashgan U.Qo‘shmatov hamda O.Shoxidovalar xonadoniga va "Guzar" mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan M.Qambarov, U.Burxonova, X.Matiyeva, M.Nuriddinova, F.Jalilov, M.Tojiboyev va boshqa xonadonlarga fidoyi yoshlar otryadi a’zolari tomonidan shag‘allarni tekislash, yerto‘lalardagi suvlarni chiqarish, ariq va zovurlarni tozalash kabi obodonlashtirish ishlariga amaliy yordam berildi.

Mahalla fuqarolari Yoshlar ittifoqi tuman Kengashining e’tibori hamda beminnat ko‘magi uchun minnatdorchilik bildirishdi.