Yosh ixtirochilarni kashf etgan “Robo challenge – 2018” tanlovi

Joriy yilning 29-may kuni yurtimizda innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, yosh ixtirochilarni qo’llab-quvvatlash, ularning iste’dodlarini yuzaga chiqarish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Robo challenge – 2018” tanlovi bo’lib o’tdi. 

Mazkur tadbir O’zbekiston yoshlar ittifoqi, Yosh olimlar kengashi va “Robokidz” robototexnika maktabi hamkorligida o‘tkazilib, unda O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o’rinbosari – Kamoliddin Beknazarov,  “Robokidz” robototexnika maktabi vakili – Alisher Isayev, taniqli ixtirochi – Olim To’ychiyev, faol yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Bundan tashqari, “Robokidz Education”, “Wunderkind”, “Intellect”, “Sehriyo”, “Erudit” kabi xususiy ta’lim markazlari o‘quvchilari ham tanlovga tashrif buyurishdi.Yurtimizda yoshlar o‘rtasida turli yo‘nalishlardagi qator loyihalar, ijodiy tanlovlar, festivallarning muntazam o‘tkazib kelinishi yosh iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi. Ilk bor tashkil etilgan mazkur tanlov orqali bolalarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsiyalar, sport va ta’lim robototexnikasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga, texnik ijodkorligini rag‘batlantirishga erishiladi.

Tanlov ikki xil yosh toifasidagilar o’rtasida tashkil etildi. Dastlab maktablarning o‘zida saralangan va yakuniy bosqichga tavsiya etilgan 10 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan ikki kishidan iborat 25 jamoa ishtirok etdi. So’ngra, 14 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan yoshlar o’zaro bellashishdi.

Tanlovda ishtirokchilar robotlarni to‘g‘ri yig‘ishi, uni rang, masofa va marrani to‘g‘ri belgilay oladigan qilib sozlay olishi, kompyuter orqali boshqarishi va robotlar bahsidagi ishtirokiga qarab baholandi.

Baholash natijalariga ko‘ra, har bir yo’nalish bo’yicha 3 ta o’rin sohiblari aniqlanib, g’oliblikni qo’lga kiritganlarga diplom va esdalik sovg‘alari berildi. Tanlov yakunida qatnashchilarga ham sertifikatlar va esdalik sovg’alari taqdim etildi.

Shaxnoza Nurullayeva