Butun dunyoning yosh liderlari O‘zbekistonga tashrif buyurishdi

Joriy yilning 27-31-may kunlari ilk marotaba Xalqaro Yosh Liderlar konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Forum O‘zbekiston Yoshlar ittiffoqi bilan hamkorlikda, shuningdek, Berlindagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi va O‘zbekistondagi Federal Germaniya Respublikasi elchixonasi tashabbusi bilan Germaniyaning “Global Bridges e.V.” tashkiloti tomonidan tashkillashtirildi.

“Global Bridges e.V.”mustaqil notijorat tashkilot bo‘lib, u ilk bora 1973-yil Germaniyada tashkil topgan va uning bosh binosi Berlinda joylashgan. Bu tashkilotning amaliyoti biznes tuzilmalarining homiyligi tomonidan moliyalashtiriladi va bu tashkilotning tadqiqot va yetakchi ilmiy markazlari Xitoy, Germaniya, AQSH va boshqa davlatlarda ish olib boradi. Hozirda “Global Bridges e.V.”tashkilotining turli xil sohalarga qaratilgan taxminan 400ga yaqin tashkilotlari bor. Tashkilotning eng asosiy vazifalaridan biri – yosh va dunyoqarashi keng, 25 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan, turli xil sohalarni, masalan, siyosat, iqtisodiyot, fan, ta’lim, madaniyat va axborot vositalarini o‘z ichiga olgan yosh liderlarni qo‘llab-quvvatlash va ular o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan konferensiyalar, forum, simpozium, uchrashuv va tanishuv sayohatlar o‘tkazishdan iboratdir.

Mazkur tashkilot 1973-yildan buyon Yosh liderlar dasturi ijrosini amalga oshirib kelmoqda. Hozirda butun dunyo bo‘ylab 40 ta davlatlardan 2500 ga yaqin yetakchilari bor. Shu dastur doirasida, har yili yillik konferensiyalar va forumlar o‘tkaziladi. “Global Bridges e.V.”ning dastur bitiruvchilari “Sobiq a’zosi” sifatida har ikki yilda bir marta tashkilotning turli uchrashuvlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Yosh liderlar konferensiyasi “Global Bridges e.V.” tashkiloting eng muhim yillik tadbirlaridan biri hisoblanadi. Ushbu konferensiyaning bosh maqsadi yetuk salohiyatga ega va ruhan baquvvat bo‘lgan yoshlarga ular o‘rtasida turli xalqaro va hududiy siyosat mavzulari borasida fikrlar almashish imkoniyatini yaratib berish va davlatlararo hamdo’stlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Konferensiyaning o’tkazilish hududlaridagi ketma-ketlik odatda, davlatning siyosiy, iqtisodiy va geostrategik ahamiyati va uning aktual rivojlanish ko‘rsatkichiga qarab belgilanadi. Bizning davlatda bo‘lib o‘tadigan XVII Yosh Liderlar Konferensiyasiga Germaniya, O‘zbekiston, Avstriya, Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Vengriya, Xitoy, Fransiya, Niderlandiya, Serbiya, va Estoniya kabi nufuzli mamlakatlardan jami  40 ta vakillar kelishgan.

“Global Bridges”  joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonga dastlabki o‘quv safari o‘tkazdi va uning doirasida Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik va parlament tadqiqotlari instituti hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Natijada “Global Bridges e.V.” kompaniyasi rahbariyati Toshkentda yosh rahbarlarning XVII konferensiyasini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

“Global Bridges e.V.” ijrochi direktori Beat Lindemannning aytishicha, Yosh Liderlarning navbatdagi konferensiyasini o‘tkazish uchun Toshkent shahri bejiz tanlanmagan. Sababi, O‘zbekistonning mintaqadagi muhim o‘rni, o‘zbek xalqining boy madaniy va tarixiy merosi, shuningdek, mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar ularda katta qiziqish uyg’otgan.

— Hamkorlik nuqtai nazaridan O‘zbekiston biz uchun ahamiyatli, chunki oqil va g‘ayratli Prezident rahbarligida mamlakatda yoshlar siyosatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Yosh liderlarning konferensiyasi Toshkentda o‘tkazilishi O‘zbekiston yoshlari uchun ham bizning Yevropa, Osiyo va Amerikadagi yosh liderlarimizni birlashtirgan xalqaro tarmog‘imizga qo‘shilish uchun imkon bo‘ladi. Umid qilamizki, O‘zbekiston poytaxtida o‘tkaziladigan ushbu anjuman o‘zbek hamkorlarimiz bilan istiqbolli aloqalarga poydevor bo‘ladi, — deydi B.Lindemann.

Dasturga ko‘ra, konferensiyaning asosiy qismi Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirokchilar xalqaro va mintaqaviy siyosat borasidagi muhim masalalar, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollari hamda O‘zbekistonning rivojlanishi, rivojlangan davlatlar bilan munosabatlari va mintaqaviy hamkorlikdagi rolini mustahkamlash yuzasidan fikr almashishmoqda.

Ishtirokchilarning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o’rinbosari, Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti va O‘zbekiston tarixi instituti rahbariyati bilan uchrashuvlari tashkillashtirildi.

Ushbu uchrashuvlar davomida ishtirokchilar, O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar, siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishi, bu jaryonda yoshlar rolini oshirish chora-tadbirlari, parlament va qonunchilik borasida islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, respublikaning tashqi siyosatida muhim o‘rin tutadigan yo‘nalishlar shuningdek, o‘zbek xalqining tarixi va ma’naviy merosi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Anjuman doirasida ishtirokchilar Samarqandga tashrif buyurib, shaharning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish bilan birga O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi “MAN Auto-Uzbekistan” faoliyati bilan tanishishlari ham ko‘zda tutilgan.

Shaxnoza Nurullayeva