Xorazmlik yosh fermerlarga imtiyozli kredit olish uchun tavsiyanomalar berildi

O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi Xorazm viloyati hududiy bo‘limi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati Kengashining joriy yil 15-maydagi kreditlash komissiyasining 1-sonli qaroriga asosan yosh fermerlar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi yoshlarga 1 mlrd 320 mln so‘mlik imtiyozli kredit tavsiyanomalari berildi.

Jumladan, Gurlan tumanidagi “Gurlan qora bayir” fermer xo‘jaligi rahbari Sh.Yusupboyevga naslli chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 500 mln so‘mlik, Bog‘ot tumanidagi “Qadam o‘g‘li” oilaviy korxonasi rahbari I.Raximovga parrandachilikni rivojlantirish uchun 150 mln so‘mlik, Urganch tumanida joylashgan “Maqsuda Madamin” oilaviy korxonasi rahbari M.Madrimovaga issiqxona faoliyati tashkil qilish va qo‘ziqorin yetishtirish uchun 400 mln so‘mlik, X.Xayitbayevaga sut va sut maxsulotlarini qayta ishlash faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 80 mln so‘mlik, Shovot tumanidagi “Dostonbek taraqqiyot” fermer xo‘jaligi rahbari D.Jumaniyazovga naslli chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 200 mln so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratish to‘g‘risidagi tavsiyanomalar topshirildi.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi hamda Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda bugunga qadar jami 13 ta fermer xo‘jaliklariga 3 mlrd 24 mln kredit mablag‘lari olishda yordamlashilgan.