O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yosh reportyorlar malakasini oshirdi!

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan yosh reportyorlar faoliyatini takomillashtirishmaqsadida 28-30-may kunlari media oromgoh tashkil etildi.

Unda o'tgan qariyb bir yil davomida fuqarolik pozitsiyasini ijtimoiy tarmoqlarda faol bildirib kelayotgan iqtidorli, havaskor o'quvchi-talabalar, uyushmagan yoshlar, matbuot xizmati xodimlari, ijodkor yoshlar hamda tajribali jurnalistlar ishtirok etdi.

Matbuot xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini mustahkamlash, yoshlarga oid masalalarni yoritish bo‘yicha to‘plangan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, media loyihalarni ishlab chiqish maqsadida ilk bor o‘tkazilgan seminarda xilma-xil mavzular tanlandi.

Ishtirokchilar “Ijtimoiy tarmoqlar uchun axborot tayyorlashda tezkorlik, aniqlik, xolislik, xabar, intervyu, reportaj, korrespondensiya yozish mexanizmi”, “Axborot tayyorlashda grammatika va imlo qoidalari”, “Notiqlik san’ati. Ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanadigan axborotlarda so‘zlarning ta’sirchanligini oshirish”, “Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ruhiyatini o‘rganish. Jamoatchilik fikrini boshqarish usullari”, “Axborot tayyorlashda sarlavha va tagsarlavhadan foydalanish usullari, jamoаtchilikni jalb qilish vositalari” va “Feedback. Xolis va haqqoniy fikr bildirishda keskinlik nuqtasi” kabi bir qator mavzularda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Trenerlar interaktiv metodlardan foydalandi.

Treninglarni Rahimboy Jumaniyozov, Nargis Qosimova, Go‘zal Ruzmatova, Shuhrat Sattorov, Sanjar Said, Muhrim Agzamxo'jayev, Rustam Nazarmatov, Dilshodabonu Avvalboyeva, Azizbek Do'sbayev, Rivojiddin Tursunov kabi malakali jurnalistlar, notiq-blogerlar, psixolog, fotograflar hamda tarjibali AKT sohasi mutaxassislari olib bordi.

Shuningdek, mashg‘ulotlar doirasida yosh reportyorlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda xavfsizlik choralarini qo‘llash, tengdoshlarini yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati bilan chuqurroq xabardor etish masalalari muhokama qilindi.

Seminar so'nggida ishtirokchilarga Sertifikat topshirildi. Kelgusi vazifalar belgilandi.

O'quv-seminarning ochilish va yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev ishtirok etdi. Yosh reportyorlarga katta ishonch, seminarni yuqori saviyada o‘tkazishda ko‘mak bergan trenerlarga minnatdorlik bildirildi.