Oila—yuraklar tutashgan kichik bir vatan

                                                                 Oila qadrini etmaylik uvol,

                                                          Uvol keltirgaydir hamisha zavol.

Oila - yuraklarni mustahkam tutashtiruvchi kichik bir Vatan. U ishonch, hurmat, mehr-muhabbat kabi shaffof tuyg’ular jamlashuvidan barpo bo’ladi. Oila bunyod bo’lgach, u muqaddas qo’rg’on sanaladi. Bu qo’rg’onda  erkakdan sadoqat, ayoldan esa itoat talab etiladi. Mana shunday aziz dargohga qadam ranjida aylagan ikki yosh oilani e’zozlashi, oila bilan bog’liq  urf-odat va qadriyatlarni hurmat qilishi, to’g’ri tarbiyaga yo’naltirilgan bo’lishi darkor. Bir necha ming yillik urf-odat va an’analarimizdan kelib chiqqan holda mamlakatimizda oila yuksak darajada qadrlanadi. Shu bois oilaviy masalalar ham mentalitetimizda eng muhim omillardan sanaladi. Bunga misol tariqasida Oila huquqi darsligining chop etilganligi, ”Oila kodeksi” qabul qilinganini keltirib o’tishimiz mumkin.

O’zbekiston Respublikasining Birinchi prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek: “Har qaysi millatning o’ziga xos ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda hech shubhasiz, oilaning o’rni va ta’siri beqiyosdir. Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg’ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari dastlab oila bag’rida shakllanadi. Bolaning xarakterini, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma’naviy mezon va qarashlar – yaxshilik va ezgulik, oliyjanoblik va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir. Shuning uchun ham aynan oila muhitida paydo bo’ladigan ota-onaga hurmat, ularning oldidagi umrbod qarzdorlik burchini chuqur anglash har qaysi insonga xos bo’lgan odamiylik fazilatlari va oilaviy munosabatlarning negizini, oilaning ma’naviy olamini tashkil etadi.

…Oila hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson bo’lib  yetishishiga bevosita ta’sir ko’rsatadigan tarbiya o’chog’i”, - deb ta’kidlashi ayni haqiqatdir.

Chindan ham oila mustahkamligida tarbiya muhim rol o’ynaydi. To’g’ri tarbiya topgan inson hech qachon oilaviy munosabatlarda xatoga yo’l qo’ymaydi va uni barbod qiladigan darajadagi vaziyatni keltirib chiqarmaydi. Zeroki, oila muqaddas dargoh, bu dargohni asramaganlarni uning uvoli urgay. Har neni borida qadrlash lozim. Shu qatorda oilani ham! Oila baxt qasri sanalgay. Uni gullatib-yashnatish ham, sindirib-vayron qilish ham, har kimning o’ziga bog’liq. Xasadgo’ylik, baxillik, noshukurlik, mas’uliyatsizlik kabi illatlar oila baxtiga raxna soluvchi eng katta to’siqdir. Bu illatlar, avvalo, o’z egasini bo’g’zidan tutadi-qo’yadi. “Ro’zg’or– chumolini felga, felni chumoliga aylantiradigan mo’jizakor xilqat, insonlarni sarasini-saraga, puchagini-puchakka ajratib beradigan sinovxonadir”–deydi, shoira Tursunoy Sodiqova. Haqiqatan, ro’zg’or oq-qorani tanitguvchi hayot maktabi. Uning sinovlarini har kim har xil tarzda boshidan kechiradi. Kimdir taqdirlansa, kimdir tahqirlanadi. Ma’nan yetuk, aqlan teran inson bu sinovda oqilona  yo’l tutishi orqali baxtga erishadi. Ammo tarbiyasiz manman, noshukur, badnafs, takabburlarchi?! Ulardagi noshudlikning oqibati qanday yakun topadi?! Albatta, Baxtsizlik bilan. Bu noshudlik baxt qasrini kuydirib kul qiladi. Bitta oilaning barbod bo’lishi birgina emas, bir necha insonning hayotini halovatdan, quvonchdan, mehr-muhabbatdan, boringki, baxtdan mosuvo qoldiradi. Eng achinarlisi bunday ayriliqlar jajji kelajak avlodlarimizdan bolalik davrining zavqlarini, yashashga bo’lgan ishtiyoqini, shodligini, hech narsaga almashib bo’lmaydigan jarangdor kulgusini o’g’irlab qo’yadi. Zamondoshim, hamisha to’g’ri yo’lni tanlaylik. Zero, farzandlarimizning quvonchi va baxti - bizning ham baxtimiz! Nafs qarmog’iga tutilmaylik! Go’zal umrimiz zavol topmasin. Oilamizni qadrlaylik!

Shaxnoza Nurullayeva