4 kunda 34 nafar voyaga yetmagan yoshning taqdirida burilish yasaldi!

Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turgan voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish, xulqi yaxshi tomonga o‘zgargan voyaga yetmaganlarni Yoshlar ittifoqi tavsiyasi asosida Ichki ishlar idoralarining profilaktik hisobidan chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qashqadaryo viloyat Yoshlar markazida 4 kun davomida Ichki ishlar bo‘limida profilaktik hisobga olingan voyaga yetmaganlar bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Shomurod Sattorov, Ijtimoiy-huquqiy masalalar va jinoyatchiliklar profilaktikasi bo‘limi mudiri Mahliyo Shukurovalar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.

— Yoshlar har bir mamlakat kelajagining strategik imkoniyatini belgilovchi muhim asosdir. Har bir yosh taqdiri Vatan taqdiri, har bir yoshning kelajagi Vatan kelajagi degan g‘oyani ilgari surib faoliyat yuritayotganimiz, albatta, yoshlar hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Shomurod Sattorov

Uchrashuvlar davomida profilaktik hisobga olingan voyaga yetmaganlarning har biri bilan olib borilgan yakka tartibda suhbatlar natijasida xulqi yaxshi tomonga o‘zgargan hamda maktabda tashkil etilgan sport musobaqalari, tanlovlarda faol ishtirok etib, tengdoshlariga o‘rnak bo‘lganligini inobatga olinib, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashining ijobiy tavsiyanomasi asosida 34 nafar Ichki ishlar bo‘limida profilaktik hisobda turgan voyaga yetmaganlar muddatidan oldin hisobdan chiqarildi.