“Uyushmagan yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish: muammo va istiqbollar” mavzusidagi II-respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi
2018 yilning 4-5-iyun kunlari Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan “Yoshlar kelajak bunyodkori” shiori ostida “Uyushmagan yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish: muammo va istiqbollar” mavzusidagi II-respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Unda mamlakatimizdagi vazirlik, idora, tashkilot, muassasalar bosh mutaxassislari, yosh olimlar, doktorant, mustaqil tadqiqotchi va magistrlar ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida dastlab, O’zbekiston yoshlar ittifoqi raisi – Qahramon Quronboyev bugungi kunga qadar uyushmagan yoshlar muammolari va ularni ijobiy hal etish borasidagi amalga oshirilgan islohotlar, uyushmagan yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar imtiyozlar xususida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, tadbirkorlik sohasidagi imtiyozli kreditlar, soliq imtiyozlari, yoshlarning porloq kelajagi yo‘lidagi sa’y harakatlar ifodasi ekanligini alohida ta’kidladi. “ Mazkur konferensiya uyushmagan yoshlar hayotidagi muammolarni bartaraf etish uchun zamin yaratibgina qolmay, ularning muvaffaqiyatlariga yo‘l ochadi. Yoshlar o’z taklif-tavsiyalari bilan ushbu anjumanda faol ishtirok etishlariga ishonaman” – deydi Davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev.
So’ngra, konferensiyaning yalpi majlisi boshlanib unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari – S.Artikova, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri – R.Davletov, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi raisi – Sh.Javlonov, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri birinchi o‘rinbosari – E.Muxitdinov, YUNISЕF ning ijtimoiy siyosat sho‘basi rahbari – Y.Oleynik, Moskva aviatsiya instituti dotsenti, iqtisodiyot fanlari nomzodi, Moskva viloyati Yosh olimlari va mutaxassislari Kengashi hamda Serpuxovo Savdo-sanoat palatasi Kengashlari a’zosi – T.Romanishina, TIKA ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari – I.Chaglar, O‘zbeksiton Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi “Boshqaruv sotsiologiyasi va psixologiyasi” kafedrasi mudiri – M.Bekmurodov, “IFAK” nodavlat notijorat tashkilotining ijtimoiy xizmatchisi (Germaniya) – X.Shimshek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi, – A.Najimovlar o’zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashishdi.
Anjuman doirasida o’tkazilgan muzokaralarda mavjud kamchiliklar, yoshlar bandligini ta’minlash, ularning iqtidor va salohiyatini to’g’ri yo’naltirishga doir taklif-tavsiyalar, fikr-mulohazlar bildirildi.
Qizg’in kechgan muzokaralardan so’ng, konferensiya ishtirokchilari uchun 3 yo’nalishda sho’ba yig’ilishlari o’tkazildi.
1-sho‘bada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi “Boshqaruv sotsiologiyasi va psixologiyasi” kafedrasi mudiri – M.Bekmurodov moderatorligida “Uyushmagan yoshlar bilan ishlashning nazariy va amaliy jihatlari: xorij va O‘zbekiston tajribasi” mavzusi muhokama qilindi.
2-sho‘ba “Uyushmagan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy muammolari hamda ularning yechimlari tizimi” ga qaratilgan bo’lib, unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni mas’ul xodimi – A.Murtazoyev boshchilik qildi.
3-sho‘bada “Uyushmagan yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirishda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari” da bo’lib, unga Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarin tayyorlash Instituti direktori o‘rinbosari – A.Yunusov moderator sifatida biriktirildi. Shuningdek, moderatorlarning sho‘balar bo‘yicha yakuniy xulosalari chiqarilib, konferensiya bo‘yicha takliflar umumlashtirildi.
Ushbu anjumanning o‘tkazilishida asosiy e’tibor dunyo mamlakatlari tajribasini inobatga olgan holda uyushmagan yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish, bu sohadagi mavjud muammolarni tahlil etish orqali ularni bartaraf etishda zamonaviy mexanizmlarni ishlab chiqish, uyushmagan yoshlarning ijtimoiy-psixologik holatini o‘rganish, uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda ular tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar hamda amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Anjuman hamkorlari Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi sanaladi.
Shaxnoza Nurullayeva
- Qo'shildi: 04.06.2018
- Ko'rishlar: 31
- Chop etish

.jpg)






