YUNISЕF va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hamkorligida yangi davr boshlandi!
Xabaringiz bor, bugun O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumanni qabul qildi.
Sasha Graumann 2016-oktabrdan YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Uchrashuv ikki tomonlama muzokaralarga boy tarzda o'tdi. Samimiy muloqot davomida qator masalalar yuzasidan kelishib olindi.
***
Imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida...
O‘zbekiston Respublikasida ayni damda 30 yoshgacha bo‘lgan 61 915 nafar imkoniyati cheklangan yoshlar mavjud, shundan 27 089 nafari qizlar.
Turli ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 16 yoshgacha bo‘lgan imkoniyati cheklangan bolalar umumiy soni 21 280 nafarni tashkil etadi. Ulardan 9 764 nafari qiz bolalar. Shuningdek, uyda ta’lim oladigan imkoniyati cheklangan bolalar ham kam emas.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining YUNISЕF tashkiloti bilan hamkorlikda “Inklyuziv ta’lim” loyihasini ishlab chiqish va hayotga tadbiq etishni taklifi ma’qullandi.
***
“Yosh liderlar maktabi”ni tashkil etish.
Bugungi kunda o‘rta umumta’lim maktablaridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlarida 1 mln. 960 ming nafar sardorlar faoliyat olib bormoqda.
Ular maktab sinflaridagi sardorlar hisoblanib, o‘quv yili boshida o‘quvchilar tomonidan saylanadi. Sardorlar tuman/shahar, viloyat va Respublikaga saylanadi. Ularni maxsus sardorlikka tayyorlovchi Sardorlar maktabi Respublikaning barcha 14 ta hududida faoliyat yuritmoqda. 900 nafarga yaqin o‘quvchilar har 3 oyda ushbu maxsus kursda tahsil olishadi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Sardorlar maktabi asosida YUNISЕF bilan hamkorlikda “Yosh liderlar maktabi”ni tashkil etish taklifi ma'qullandi.
***
UReport loyihasi...
UReport dasturi — Bolalar tomonidan yashash, ta’lim olish, ijod qilish, dam olish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish sohasidagi yangiliklar bilan xabardor qilish tizimi bo‘lib, bolalar o‘z huquqlari buzilgan holatda yoki namuna sifatida ko‘rsatishni xohlagan maskanlar, masalalar haqida mas’ul shaxslarga, jamoatchilikka onlayn murojaat qilish imkonini beradi.
Masalan, sport o‘yingohlari, dars xonalari talablarga javob bermagani yoki namunali ekanligini ko‘rsatishlari mumkin. Ushbu dastur ham endilikda O'zbekistonda ishga tushiriladi.
***
Xalqaro yoshlar oromgohlarini tashkil qilish...
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida va Toshkent viloyati Bo‘stonlik tumanida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufidagi yoshlar oromgohlari mavjud bo‘lib, ular bazasida Xalqaro yoshlar oromgohlarini tashkil etish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining YUNISЕF bilan hamkorlikda mazkur oromgohlarda xorijiy davlatlar bolalari va yoshlarining yozgi ogomgohlarini tashkil qilish tashabbusi ma'qullandi.
***
“Bolalar ijodiy markaz(klaster)lari” hamda “Iste’dodli yoshlar markaz”lari loyihalarini tashkil etish...
Bolalarning san’at, ilm-fan va boshqa sohalardagi intilish va qiziqishlari qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi. Ularga amaliy va moddiy yordam beriladi, shuningdek ularning iqtidorlarini rivojlantirish uchun mutaxassislardan mahorat darslari va maslahatlar beriladi.
Shuningdek, iste’dodli bolalar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida turli tanlovlar tashkil etish, ularning g‘oliblarini xorijiy davlatlarda tashkil etiladigan tanlov va festivallarda ishtirok etish imkoniyatini yaratish b'yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu hamkorlik kelgusida O‘zbekiston yoshlari manfaatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda o'zining ijobiy natijalarini ko'rsatishiga ishonamiz.
- Qo'shildi: 05.06.2018
- Ko'rishlar: 23
- Chop etish


