Surxondaryoda qisqa davrda Yoshlar ittifoqining 60 nafar xodimi turli lavozimlarga tayinlandi!

32 nafar xodim boshqaruv organlarining zaxira kadrlar ba'zasiga kiritildi!

“O'zbekiston yoshlar ittifoqi davlat va jamiyat uchun rahbar kadrlarni tayyorlab beradigan o'ziga xos markaz bo'lishi, zamonaviy tilda aytadigan bo'lsak, yoshlar uchun “sotsial lift” vazifasini bajarishi kerak. U bilimli, tashabbuskor va tashkilotchi, fidoyi yosh rahbarlarning kadrlar zaxirasini yaratishi kerak”

2017-yilning 30-iyunida Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning ushbu ta’kidlari Ittifoq tizimida ishlayotgan har bir xodim uchun katta mas’uliyat yukladi.

Yoshlar ittifoqi o’z faoliyati davomida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etayotgan, xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, halol va fidoyi yosh rahbar kadrlarni tarbiyalash, ularni davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining mas'ul lavozimlariga tavsiya etish borasida ham qator ishlarni amalga oshirdi.

Birgina Surxondaryo viloyatida o’tgan qariyb bir yil davomida Ittifoqning hududiy va mahalliy Kengashlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 22 nafari lavozimida o'sdi.

Shundan 8 nafari davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining mas'ul lavozimlarida ishlab kelmoqda.

O’zbekiston yoshlar ittifoqining Boysun hamda Qiziriq tuman Kengashi raislari tuman hokimining o’rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Bundan tashqari, tashkilotning quyi bo'g'ini hisoblangan ta'lim muassassalaridagi boshlang'ich tashkilot yoshlar yetakchilarining 38 nafari turli lavozimlarga ko’tarildi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o'rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining qayta tayyorlov kurslarida 19 nafar tinglovchilar tahsil oldi.

Bugungi kunda xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, halol va fidoyi yosh rahbar kadrlarni tarbiyalash, zaxirasini yaratish maqsadida 32 nafar hududiy va mahalliy Kengash xodimlari davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining zaxira kadrlar bazasiga kiritilgan.