Xushxabar: 71-Kann xalqaro kinofestivalida ilk marotaba “Uzbekistan” paviloni tashkil etiladi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi hamda Yosh kinoijodkorlar kengashi tomonidan joriy yilning 8-19-may-kunlari Fransiyaning mashhur Kruazet sohili bo‘yidagi Festivallar va kongresslar saroyida birinchi marotaba taqdim etiladigan yurtimiz paviloni tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 3-may kuni Kinematografiyani rivojlantirish markazida 71-Kann xalqaro kinofestivalida “Uzbekistan” pavilonining tashkil etilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Unda Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori, Yosh kinoijodkorlar Kengashi raisi–Oybek Abdushukurov, “O‘zbekkino” Milliy agentligi rahbari–Furqat Zokirov, Republika kinoprakat markazi rahbari–Ma’rufjon Muxtorov, yosh kinoijodkorlar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Ular kino yo’nalishida O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, O’zbekistonning Xalqaro festivalda ishtirokining ahamiyati hamda kelgusida erishishi kutilayotgan yutuqlar so’z yuritishdi. Shuningdek, Pavilon qatnashchilari kino bozorida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlarga O‘zbekiston kinoijodkorlarining filmlari hamda mamlakatimizning boy kino lokatsiyasi haqida ma’lumotlarni taqdim etib, respublikamizning madaniy va ma’naviy qadriyatlari bilan ularni yaqindan tanishtirishlari haqida atorflicha ma’lumot berishdi.
–Ertaga yosh kinoijodkorlardan iborat O’zbekiston delegatsiyasi Fransiyaning Kann festivaliga jo’nab ketishadi. Bu festival dunyo bo’yicha 1-o’rinda turadi. Uning doirasida kinobozor ham tashkil etiladi. Kinobozorida har bir mamlakat o’z pavilonini tashkil etib, unda o’z imkoniyatlari va kinodagi salohiyatini namoyish etishadi. Bugungi matbuot anjumanida OAV xodimlarini kinobozor, festival doirasida O’zbekistondagi tarixiy obidalarni jahonga yoyish, zamonaviy shaharlarimiz, landshaftlarimiz va tabiatimizni ko’rsatib berish uchun qilingan ishlar bilan tanishtiramiz. Bu orqali O’zbekistonga investitsiyani jalb etishga erishiladi. Qancha ko’p davlatlar O’zbekiston haqida ko’proq ma’lumotga ega bo’lsa, Vatanimizda film olish uchun tuzilgan hamkorlik aloqalari shunchalik kengayadi. Bu esa yurtimizda qo’shimcha ish o’rinlarini oshirishga, katta investitsiyalarni olib kirishga yo’l ochadi – deydi, Yosh kinoijodkorlar Kengashi raisi – Oybek Abdushukurov.
Kinematografiyani rivojlantirish markazining matbuot kotibi Mahfuza Ortiqova pavilonda 2018-yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan, shu yildan boshlab xalqaro kinofestival maqomini olgan “PROlogue”, yaqin kunlarda respublikamizda tashkil etilgan O‘zbekiston kinokomissiyasi hamda Respublika kinoprokat markazi taqdimoti ham o‘tkazilishi haqida xabar berdi. Bu bo‘yicha Kinematografiyani rivojlantirish markazi dunyoning birinchi raqamli xalqaro kinofestivali Kann kino bozori direksiyasi bilan shartnoma imzolagan. Har yili tashkil etiladigan kinobozor dunyo kino sanoatidagi asosiy biznes va madaniy voqealardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari dunyoning ko’plab mamlakatlaridagi nufuzli kinokompaniyalar, prodyusserlar bilan muzokaralar o’tkazish rejalashtirilgan.
– Festivaldagi yana bir katta taqdimotlarimizdan biri O’zbekiston kinokomissiyasini tuzilmasini taqdim etishdir. Bu kinokomissiya O’zbekistonda xorijiy filmlarning suratga olinishi bo’yicha shug’ullanadi–deb, takidladi “O‘zbekkino” Milliy agentligi rahbari–Furqat Zokirov.
71-Xalqaro Kann festivalida Yurtimiz paviloni qurilishi xalqaro maydonda mamlakat imidjini oshirish, kelajakda respublikamizning iste’dodli kinoijodkorlarini dunyo miqyosida tanitish, O‘zbekiston kino san’atiga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish, shu bilan birga “PROlogue – 2018” kinofestivalida ko‘plab xorijiy mutaxassis va kinoijodkorlarning ishtirokini ta’minlash hamda davlatimizning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shaxnoza Nurullayeva
Fotomuxbir: Rustam Nazarmatov
- Qo'shildi: 03.05.2018
- Ko'rishlar: 36
- Chop etish



.jpg)
.jpg)
