11 yillik tanaffusdan so'ng yana ostonada “Boysun bahori”!
Boysun — insoniyatning ilk manzilgohi, qadriyatlar beshigi sifatida ham dunyoga mashhur bu yerda qadimgi tosh davri bilan bog’liq Teshiktosh va Machay g’orlari insoniyat madaniyatining qadimiy o’choqlari sifatida jahon tarixshunosligida alohida e’tibor qozongan.
Boysun madaniy muhiti ilk bor 2001-yilda YUNESKO tomonidan “Insoniyatning og’zaki va nomoddiy madaniy meros” durdonasi sifatida e’tirof etilib, 2008-yilda YUNESKOning “Insoniyatning nomoddiy merosi” reprezentativ ro’yxatiga kiritilgan.
2001-yilda YUNESKOning e’tirofidan so’ng “Boysun bahori” xalqaro festivali o’tkazila boshlandi.
Ushbu festival sabab xalqning qadimgi tarixi va madaniyatini o’rganish,uning boy madaniy merosini saqlab qolishga bag’ishlangan tadbirlar natijasida tarixchi, arxeolog, filolog, san’atshunoslar sa’y-harakatlari bilan 50ga yaqin yodgorliklar aniqlandi.
Afsuski, 2006-yildan buyon mazkur festival turli sabablarga ko’ra, o’tkazilmay kelinayotgan edi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ham aynan ushbu festivalga alohida to’xtalib o’tilgan.
Bir so’z bilan aytganda, 11 yildan buyon turli sabablarga ko’ra, to’xtab qolgan, “Boysun bahori ” ochiq folklor festivali muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yildan boshlab qayta tiklandi.
Bu yilgi festivalni yanada jozibali, zavqli o’tishini ta’minlash maqsadida tungi yoritish tizimlari yangilandi. Aloqa sifati yaxshilandi, avtomobil turar joyi barpo etildi.
Musaffo buloq suvi keltirildi. 160 yaqin milliylik ufurib turgan o’tov uylar qurildi.
Ushbu festivalda “Yoshlar qo’rg’oni” ham tashkil qilinib, “Noyob iqtidor”, “Mahorat”, “Sezgi” kabi 10 ga yaqin bekatlarda turli qiziqarli o’yinlar, shou-dasturlar tashkil qilindi.
Ahamiyatlisi, barchasi yoshlarning tashabbusi bilan tashkil qilindi.
Yoshlar qo’rg’onidagi milliy raqslar, viktorina o’yinlariga chet ellik sayyohlar ham qiziqish bildirdi.
“Boysun bahori” ochiq folklor festivalida respublika va xalqaro tanlovlarda ishtirok etib kelayotgan Qoraqalpog’iston Respublikasi va barcha viloyatlarning folklor- etnografik jamoalarining 250 ga yaqin qatnashchilari ishtirok etdi.
Quvonarlisi, Tojikiston Respublikasining “Padida” teatr jamoasi, Tojikiston xalq artisti Shabnami Surayyo, Afg’oniston islom Respublikasining taniqli hofizlari Abdumajid va Abdurauf Adlxuiylar ham tashrif buyurishdi.
16 metr uzunlikdagi monitor o’rnatilgan asosiy sahnada kechki konsert dasturi millatga xos urf-odatlar bahoriy navolar, surxoncha raqslar bilan yanada fayz oldi.
Taniqli san’atkorlar, Anvar Sobirov, Toshpo’lat Matkarimov, Nargiza Azimova, Mahmud Namozov, Ravshan Namozov,Shabnami Surayyo, hamda Yulduz Usmonova hxonishlari xalqimiz va xorijliklarni raqsga tushishga, xursandchilik qilib, tinch-totuv hayot uchun shukrona qilishga undadi.
Shvetsariyadan keltirilgan havo sharlari ushbu festivalni osmon-u falakdan ham kuzatishga imkon yaratdi.
29-aprel kuni festivalning g’olib jamoalari aniqlandi. Unga ko’ra, Surxondaryo viloyatining “Boysun” folklor etnografik- jamoasi, Qoraqalpog’iston Respublikasining “Bes perde”, Jizzax viloyatining “Bog’don gullari” va Xorazm viloyatining “Xorazm” jamosi, 3- o’rinni Toshkent viloyatining “Qurama”, Farg’ona viloyatining “So’x chashmasi” va Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo navolari” folklor-etnogrofik jamoalari egalladi.
Bir so’z bilan aytganda, “Boysun bahori” ochiq folklor festivali tarixni jonlantira olgan, milliylik va zamonaviylikni uyg’unlashtira olgan shodiyona bo’ldi.
- Qo'shildi: 03.05.2018
- Ko'rishlar: 33
- Chop etish



