3 oylik “qorong‘u” hayot Umidjonga bir umrlik saboqni berdi

Yoshlar ittifoqi yana bir yoshning porloq kelajagi uchun kurashdi!

Umidjon(ismi o‘zgartirilgan) boks sport turiga qiziqardi. Muntazam shu sport turi bilan shug‘ullanib kelgan. Mushaklari baquvvat yigit kuchini yoshlik qilibmi, to‘g‘ri yo‘naltirolmadi.

Voqea aslida bunday bo‘lgandi...

Azamat ismli yigit bilan uzoq tanishi Xurshid orasidan “ola-mushuk” o‘tadi. Undan qay tarzda o‘ch olishni uzoq vaqt o‘ylab yurib, to‘g‘ri yo‘ldan borsa, murodiga yetolmasligini anglaydi. Buvisining qaramog‘idagi yosh sportchining kuchini ishga solib, uni adabini berib qo‘yish rejasini tuzadi. O‘z akasidek bo‘lib qolgan Azamatning «xo‘rlanganini" ko‘rib rahmdil Umidjon ko‘mak berishga rozilik bildiradi. Aslida yigitcha soddaligi bois, tanganing bir tomonini ko‘radi, xolos. Yangiyer qurilish va kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining o‘quvchisi bo‘lgan Umidjon jinoyatga qo‘l urayotganini, afsuski, o‘sha yoshda anglardi.

Rejaga asosan, yollangan taksi mashinasida Umidjon Yangiyer shahridan poytaxtga yo‘l oldi. Mashinadan tushmagan haydovchi uzoqdan 40 yoshlar atrofidagi Xurshid akani ko‘rsatdi. Umidjon kutilmaganda uni rosa do‘pposlab, voqea joyidan g‘oyib bo‘ldi. Hech bir jinoyat javobsiz qolmaganidek, tez orada Umidjonni tegishli tashkilotlar topib, qo‘lga olishdi. Bu paytda uni xato yo‘lga undagan Azamat allaqachon Rossiyaga qochib ketgandi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Yangiyer shahri raisi Jahongir Sherbekov mazkur ish yuzasidan o‘tkazilgan sudda bevosita ishtirok etdi.

Uning kafolot xati hamda Yangiyer shahridagi “Shodlik” mahallasi, Yangiyer shahar IIB, Yangiyer qurilish va kommunal xo‘jalik kasb-hunar kolleji tomonidan berilgan ijobiy tavsiyanomalarga asosan, Umidjon sud zalidan shartli ravishda ozod etildi. Unga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi JK 104-moddasi 2-qismining “ye,k” bandlari bekor qilindi.

— Prezidentimizga katta rahmat! — deydi Umidjon suhbat davomida. — Shunchalik bizga keng imkoniyatlar yaratib berilgan. Eng faol yetakchilar safida bo‘lishga va’da beraman. Kollejni tamomlab oliy ta’limga o‘qishga kiraman. O‘ylab qarasam, ertaga kim bo‘laman? Kelajagimni o‘zim o‘z qo‘lim bilan yarataman-ku... Yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qilishga harakat qilaman. Bir adashdim. Hech narsa ochiq osmon ostidagi toza havoga yetmaydi. Buni 3 oylik «qorong‘u» hayotim davomida chuqur anglab yetdim...