4 ta asosiy va 40 ga yaqin yoshlar siyosatiga oid masalalar Kengash yig‘ilishida

Yillik hisobot davrida qog‘ozlar emas, turish-turmushidan, faoliyatidan, kasbidan rozi yoshlar gapirishi kerak!

Avval xabar berganimizdek, 24-noyabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda tashkilotning Markaziy Kengashi rahbariyati, mas’ul xodimlari, quyi tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar Kengashlari raislari hamda yoshlar siyosatiga aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibida 4 ta muhim masala qo‘yildi.

Jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 2017-yil 2-yarim yillik umumlashtirilgan byudjeti hamda Tashkiliy tuzilmalari va shtatlar jadvallariga o‘zgartirish kiritish masalasi muhokama qilindi va tasdiqlandi.

Qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilgan “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoniga taqdim etilgan nomzodlar ko‘rib chiqildi va bir ovozdan ma’qullandi. Komissiya tarkibi yangidan tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 250-sonli qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha qator masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti Ustavi tasdiqlandi.

Yig‘ilishning asosiy qismi tugagandan so‘ng, Yoshlar yetakchisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat Kengashlari raislari, quyi tashkilotlar rahbarlari bilan sohada amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, bandlik, ijtimoiy himoya, huquqbuzarliklarning oldini olish, davomat, a’zolik va a’zolik guvohnomalarini tarqatish, tadbirkorlik, yoshlar nashrlariga obuna, bo‘shab qolgan kollejlarda tuman Kengashlarini ko‘chirish, turli til va abituriyentlar uchun bepul to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish... kabi qator masalalarda birma-bir muloqot qildi.

— Natija yaxshi emas, — dedi Davlat maslahatchisi o‘z nutqida. — Biz bir paytning o‘zida hamma narsaga ulgurishimiz kerak. Bandlik, huquqbuzarlik profilaktikasi, ta’lim sifati kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar. Erta-indin 1 yillik hisobot paytida, amalga oshirilgan real ishlar tashkilot faoliyati haqida gapirsin. Qog‘ozlar emas, turish-turmushidan, faoliyatidan, kasbidan rozi yoshlar gapirsin!

Yig‘ilish tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tdi. O‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan bir nechta Kengash raislari va quyi tashkilotlar rahbarlariga ogohlantirish berildi.