Baxt uchun kurashing!!!

Do‘stlarim, televizor orqali “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblarini ko‘rib havas qilganingiz aniq. Xo‘sh, ular yosh bo‘la turib bunday natijaga erishishlarida qanday sir bor edi? Keling, bu sirni mazkur mukofotni qo‘lga kiritgan Otabek Sultonov misolida ochishga harakat qilib ko‘ramiz.

5-sinf ostonasida turgan yosh o‘quvchi Otabek dastlab an’anaviy ijrochilik sohasiga qiziqish bildiradi. Bundan xabardor dadasi esa farzandida mohir saksafonchi qiyofasini ko‘radi. Otabek ham dadasining taklifiga amal qilib, ushbu sohada shug‘ullana boshlaydi. Shunga ham bu yil 8 yil bo‘ldi. “Otaning so‘zi – olmosning yuzi”- deydi donolar. O‘tgan yillar mobaynida qahramonimiz Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston davlatlarida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rik-tanlovlarda ham g‘olib bo‘ldi.

Otabek san’at bilan birga ta’lim sohasida ham atrofidagi do‘stlariga o‘rnak bo‘la oladi. Darslardan bo‘sh vaqtida qo‘l jangi va suzish sportiga qatnashadi, rus va ingliz tillaridan saboq olish bilan ham faol shug‘ullanadi.

Men bugun erishgan zafarlarimning bosh sababchilari ota-onam va ustozim Olim Abdullayev deb bilaman. Ularning qo‘llab-quvvatlashlari bilan o‘z ustimda ishlashga imkon tug‘ildi. Ba’zilar tanlovga borilsa, yutuqni qo‘shqo‘llab tutqazishadi, deb o‘ylaydi. Lekin, iqtidorli yoshlar juda ko‘p.

Ular bilan bellashish uchun bilim va ko‘nikma kerak bo‘ladi. Har doim ham oshig‘ingiz olchi bo‘lavermaydi. Mag‘lubiyat alamini ham totishingizga to‘g‘ri keladigan vaqtlar ham ko‘p bo‘ladi. Ammo nima bo‘lganda ham ishtiyoqni so‘ndirmaslik kerak. Aksincha, o‘z ustida qattiqroq ishlab, xatolarni tuzatish harakatida bo‘lish kerak, – deydi Otabek Sultonov. – Xalqaro tanlovlarga borsangiz qattiq hayajon bosadi. Biroq, yuragingizda Vataningiz sha’nini himoya qilish tuyg‘usini his qilishingiz bilan o‘zingizga ishonch yanada ortadi.

Bilasizmi, eng kuchli hayajonni “ Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini olganimda tuydim. Birinchilar safida loyiq ko‘rilishim mas’uliyatni o‘n barobarga oshirdi. Tengdoshlarimga ham o‘z iste’dodlarini qo‘rqmay, dadil namoyon qilishlarini maslahat beraman. Chunki mustaqil O‘zbekistonda ko‘z ochgan iste’dod borki, davlat e’tiboriga olinadi.

Muhimi, ilk qadamni to‘g‘ri qo‘yishda. Menga, men kabi do‘stlarimga keng imkoniyatlar eshigini ochgan Yurtboshimizga minnatdorchilik bildiraman.
Tengdoshim sizda ham yangi maqsadlar uyg‘ondimi? U holda uni rivojlantirishga kirishing. Mamlakatimizdagi musiqa va san’at muassasalari eshiklari siz uchun keng ochilgan. Barcha kuch siz uchun, bu Vatan va undagi imkon sizniki, azizlar! Biz esa kelajakda Otabek Sultonovni Milliy gvardiya orkestri ijrochilari safidan munosib o‘rin egallashiga ishonib qolamiz.

Baxt o‘zi nimadir? Erkin yurtda iste’dodingni qadrlanishi emasmi? Ota-onang ko‘zidagi faxrni uqish emasmi? Dunyoga bo‘ylashib, ellar bilan tillashish emasmi? Otabek o‘z baxtini san’atdan topdi, siz ham Baxt uchun kurashing, intiling. Toki yoshlik atalmish xazinaxonadan munosib ulushlarga ega bo‘ling. Unutmang, biz-kelajak bunyodkorlarimiz!

Otabek Bakirov
Respublika yosh ijodkorlar kengashi a’zosi.