“Adashganlar” hujjatli filmi yoshlarni adashishdan asraydi

Bola tarbiyasiga javobgarlik masalasi oilaning, mahallaning, jamiyatning istiqboliga e’tibordir. Har qanday davlatning kelajagi iqboli albatta, o‘sib kelayotgan avlodning ma’naviyati va axloqiga, ta’lim-tarbiyasiga, intellektual salohiyatiga bog‘liq. Shuning uchun ham respublikamizda yoshlarga katta e’tibor qaratib kelinmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida 2017-yil 1-dekabrda imzolangan memorandumga asosan, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish, jazoni ijro etish muassasalarida tarbiyalanayotgan yoshlarning huquqlarini himoya qilish hamda profilaktik hisobda turgan yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirishga qaratilgan maxsus “Adashganlar” nomli hujjatli film ishlab chiqildi. Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining “Yoshlar press-klubida” o‘tkazilgan ochiq muloqot yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchiliklarning salbiy oqibatlarini oldini olish hamda yoshlar o‘rtasida mazkur film targ‘ibotini yo‘lga qo‘yishni maqsad qildi.

Ochiq muloqotda Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tarbiyaviy va ijtimoiy-psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi yo‘riqchisi – Munira Esanova, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti amaliyotchi psixologi –– Mastura Valiyeva, Nuroniy jamg‘armasi mas’ul xodimi – Shuhrat Ro‘ziyev, jurnalist – Rahimboy Jumaniyozov va o‘quvchi-talabalar ishtirok etishdi.

“Adashganlar” nomli hujjatli filmda tarbiya koloniyasidagi yoshlarning o‘z qilmishlaridan pushaymonliklari, hayot yo‘lida adashish sabablari aks ettirilgan. Unda o‘g‘irlikning sodir etilishi birovning mulkiga egalik qilish maylidan boshlanishi, asosan tanballik illati sabab osongina boyib ketish xirsi tufayli yoshlar jinoyat yo‘liga kirib ketishi ta’kidlandi. Ularning kichik huquqbuzarliklari tarbiyaga e’tiborsizlik oqibatida katta jinoyatlarni keltirib chiqardi.

O‘rganishlar natijasida ko‘pincha noqobil, notinch oilalar farzandlari jinoyatchilik yo‘liga kirib ketishi aniqlangan. Namoyishdan so‘ng, jamiyatdan chetlashuv, hayotga bo‘lgan qiziqishning so‘nishi, yolg‘izlanish oqibatida yoshlar umidsizlanishi, o‘z hayotidan norozilik holatlari kelib chiqishi, bu esa ayni paytda bolaning yakkalanib qolishi, o‘zini keraksiz his qilishiga, o‘z joniga suiqasd qilishiga olib kelishi bunday yomon illatlarning oldini olish uchun yoshlarni hayotsevarlik ruhida tarbiyalash, kitob mutolaasiga hamda ularning qiziqishlariga qarab turli to‘garaklarga va har xil musobaqalarga jalb etish kerakligi bo‘yicha fikr-mulohazalar yuritildi. Yoshlarni jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurasha olishiga undash lozim. Muloqot davomida ishtirokchilar o‘smirlar orasida tartibbuzarlik, o‘g‘irlik, tanga jarohat yetkazish, nomusga tajovuz qilish, giyohvandlik kabi illatlarning oldini olish, ularning oqibatlaridan ko‘ra, sabablari bilan kurashish muhim, degan xulosaga kelishdi. O‘tgan yilning o‘zida Toshkent viloyatida mavjud 1600 ta mahallaning 931 tasida jinoyat sodir etilgan. Qayd etilishicha, bu yeng yuqori ko‘rsatkich. Samarqand viloyatining 1189 mahalladan 996 tasida, Jizzax viloyatining 80 foiz mahallasida jinoyat sodir etilgani aytildi.

Muloqot so‘ngida mahoratli notiq va tajribali jurnalist Rahimboy Jumaniyozov yoshlar masalalaridagi og‘riqli nuqtalarga doir fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Yoshlarimiz orasida ilmga intiluvchan, ma’rifatlilari ham bor ammo, qandaydir qing‘ir yo‘llarga kirib noxush hodisalarga sabab bo‘lib, jazo muddatini o‘tayotganlar ham yo‘q emas. “Adashganlar” deb nomlangan ushbu film O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar oldini olish bosh boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda “Iqtidor” film studiyasi tomonidan Zangiota tarbiya muassasasida suratga olindi. U yerdagi yoshlarning ko‘pchiligining adashishiga sabab oilaviy nosog‘lom muhit bo‘lgan. Ota-onalardan birining o‘gayligi yoki oilada farzandni to‘qlikka sho‘xlik asnosida o‘stirganligi, yoki otasi ichkilikka, yomon odatlarga berilgan va farzand ham “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, – deganlaridek ota-onasidan namuna olib voyaga yetgan. Shuning uchun eng muhimi mohiyatni chuqurroq anglab, “Yoshlarni jamiyatning ertangi hal qiluvchi kuchi, kelajak bunyodkori”, – deb Prezidentimiz umid va ishonch bilan qarab turgan ekanlar, bolalarimizni bunday badaxloq bo‘lib, har xil noxush voqealarga sabab bo‘lishini oldini olishimiz kerak. Film tomoshabinlari nihoyada kerakli xulosa chiqargan holda tengqurlarini ham yomon odatlardan qaytara olsa, bizning maqsadimiz amalga oshgan bo‘ladi.