Amaliy ish: Berk ko‘cha boshida... Yo‘l topildi!

Kogon tumani Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 2-bosqich talabasi Dilorom Amonova anchadan buyon darslarga muntazam qatnashmay keladi. Otasi vafot etgan, onasi Dilfuza Amonova esa ishsiz. Oila qo‘l uchida kun ko‘radi. Moddiy yetishmovchilik sabab kommunal to‘lovlarni ham o‘z vaqtida to‘lay olmasdan, qarzdor bo‘lib qolishgan.

Tegishli tashkilotlar qarzlarini to‘lashmasa, tabiiy gaz, chiroq ta’minotini uzib qo‘yishni aytishgandan so‘ng, Dilorom darslarga bormasdan, ishlab, qarzlardan qutulish yo‘lini afzal bildi.

Bir necha joylarga murojaat qilganiga qaramay, hali o‘quvchi ekanligi tufayli ishga joylasha olmadi. Hayot qiyinchiliklari erta bo‘yniga tushgan qizni kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Murod Zufarov, viloyat Kengashi raisi Zarif Komilov, tuman Kengashi mas’ul xodimlari yo‘qlab borishdi.

U bilan samimiy muloqotda bo‘lib, qiziqishlari, kelajakdagi orzulari haqida suhbatlashishdi.

Tashrif davomida ijtimoiy ko‘makka muhtoj ushbu oilaning qarzlari Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab berildi. Diloromga esa qishki kiyim-bosh olib berilib, ta’limini davom ettirish bo‘yicha barcha kerakli sharoitlar yaratib berildi.

- Bu kunni unutmayman, - deydi Dilorom. - Shu vaqtgacha onam ikkimizdan iborat kichkinagina oilamiz bor edi. Bugun esa men yana bir oilamni topdim. Yoshlar ittifoqi yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, ularning muammosini o‘ziniki deb qabul qiladigan tashkilot ekan. Ular menga hozir eng muhimi, bilim olish kerakligini, kelajakda mening oilam ham xuddi bizdek qiynalmasliklari uchun to‘liq ma’lumot olishim lozimligini, har qanday muammoni o‘zlari, yurtboshimiz rahnamoliklarida hal etishlarini aytishganida ko‘zlarimga yosh keldi. Ochig‘i, juda xursandman. Endi faqat yaxshi o‘qiyman.

Yoshlar ittifoqi keyinchalik ham ushbu ko‘makka muhtoj oilaga homiylik ko‘rsatishni maqsad qildi.

Markaziy Kengash raisi o‘rinbosarining o‘rganishlari davom etmoqda.