Avf etilgan yoshlar jamiyatga “qayta olyaptimi”? Qashqadaryo viloyati misolida tahlil qilamiz...

Mamlakat tarixida ilk bor Prezidentimiz tashabbuslari bilan 2 ming 700 nafar mahkum, jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan fuqarolar avf etildi.

Tabiiyki, galdagi vazifa — ularni ijtimoiy faol hayotga qaytarish edi.

Shundan so‘ng, Yoshlar ittifoqining Qashqadaryo viloyat Kengashi ozod etilgan 85 nafar shaxsning ro‘yxati bilan tanishdi. Shundan 14 nafari yoshlar qatlami ekan. Ularning har biri Yoshlar ittifoqi mas’ullariga biriktirildi.

O‘tgan davr mobaynida ularning har birining xonadoniga tashrif buyurildi. Oilaviy ahvoli o‘rganildi.

Ayni damda 8 nafari ishga joylashtirildi.

Ro‘yxatga olinganlarning 6 nafari xotin-qizlar bo‘lib, ularning ijtimoiy hayotga moslashishlari uchun amaliy ishlar olib borilmoqda.

85 nafar avf etilgan shaxslarning 33 nafariga yangi pasport olib berildi. Qolganlarining hujjatlari rasmiylashtirilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga yuborildi. Tez kunlar ichida yangi pasportlar o‘z egalariga tarqatiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarga Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining mazmun-mohiyati batafsil tushuntirilmoqda.

Qarshi shahrilik Bekzod (ismi o‘zgartirilgan) endigina 30 yoshni qarshi olgan bo‘lsa-da, g‘o‘rlik qilibmi, hayotda bir adashdi. Oq bilan qorani farqlay olmadi. Qilmishiga yarasha jazoga tortildi.

– Jazoni ijro etish joyida qilgan xatolarim haqida juda ko‘p o‘yladim, qattiq pushaymon bo‘ldim, – deydi u. – Oila a’zolarim, yaqinlarim, keyingi hayotim haqida o‘yladim. Prezidentimiz meni avf etganlaridan benihoya xursandman. Adashgan odamga ko‘rsatiladigan yordam bundan ortiq bo‘lmasa kerak. Oilamga qaytganimdan so‘ng 1 million so‘mdan ortiq moddiy yordam berishdi, biometrik pasport oldim. Hozir “Aslon servis” xususiy korxonasida ishlayapman. Halol mehnatim bilan nomimni oqlashga, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shishga va’da beraman.

Umuman olganda, avf etish to‘g‘risidagi Farmon nafaqat demokratik davlat va fuqarolik jamiyatning ustuvor tamoyillarini, balki, xalqimiz ming yillardan buyon asrab-avaylab kelayotgan qadriyatlarni, bag‘rikenglik va muruvvat kabi oliy fazilatlarni ifodalashi bilan e’tiborga molikdir.

Ishonamizki, kechirilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga munosib hissa qo‘shadi, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi.