“Bag‘rikeng O‘zbekiston” festivali iqtidor egalarini kashf etmoqda
“Bag‘rikeng O‘zbekiston” festivali kelajakda o‘z taqdiri uchun munosib poydevor tiklab kelayotgan iqtidorli yoshlarga quchoq ochdi. Mazkur festivalning viloyat bosqichi ishtirokchilari Buxoro yoshlar markazida tantanali kutib olindi.
Festival tasviriy suratlar, fotosuratlar, turli millat va elat vakillarining milliy raqslari, badiiy ijod yo‘lida tinimsiz izlanayotgan iste’dodli, iqtidorli farzandlarga qanot bo‘ldi.

Turli millat farzandlarining festival bahonasida katta sahnalarda o‘z iste’dodlarini namoyish etishi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bunda madaniyat va san’at sohasi vakillari, taniqli adib va shoirlar, yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati a’zolari iste’dodli va faol yoshlarni saralashdi. Har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

- Yoshlar biri–biridan iste’dodli, biri–biridan iqtidorli. Men yosh qalamkash, she’rga oshno tutingan, ko‘nglida Vatani bor ishtirokchilarning barini g‘olib, deya ayta olaman. Har birida o‘zgacha qarash, o‘zgacha fikr, go‘zallik, eng muhimi, pokizalik bor. Bu nihollarga e’tibor, sayqal bersa, ularning ertaga adabiyot bog‘ida chinorlar bo‘lib qad rostlashlariga shubha yo‘q, – deydi shoir Suhrob Hamro.

Shofirkonlik yosh qalamkash Umida Muhammedova, Buxoro shahrilik yosh suratkash Behzod Ne’matov, qorovulbozorlik Aygul Boqberganova, vobkentlik yosh rassom Dilshod Ashurov kabi ko‘plab yoshlarning iste’dodlari hayratlarga sazovor bo‘ldi. Ko‘ngillarga hayajon solgan katta va keng sahnadan ona Vatanni, mustaqillikni, yoshlik va baxtni tarannum etuvchi she’r, milliy raqslar o‘rin oldi. Yosh raqqos va raqqosalar ijrosidagi chiqishlar barchaga zavq–shavq bag‘ishladi.

Bir so‘z bilan aytganda, imkoniyatlar maydonida o‘zini ko‘rsata olgan iqtidorlar orasidan saralangan yoshlar munosib taqdirlanishdi. Birin-ketin sahnaga chiqqan g‘oliblar o‘z orzu–niyatlari haqida so‘zlashdi, tengdoshlari, ota-onalari olqishiga sazovor bo‘lishdi.
- Qo'shildi: 02.08.2018
- Ko'rishlar: 46
- Chop etish