“Bir fermerga – bitta yosh” loyihasi endi Namangan viloyatida!
Namangan viloyati boshqa viloyatlardan o‘zining unumdor tuprog‘i, toza havosi, suvining mo‘lligi bilan ajralib turadi. Bu zaminda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotining hosili albatta unumli bo‘ladi. Chunki fermer va dehqonlar “Dala madaniyati – fermer mas`uliyati” degan shiorga doimo amal qiladilar. Namangan fermerlari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan kartoshka, sabzi, mevalarning oliy navlari hamda poliz ekinlari yurtimizning barcha bozorlariga yetkazib beriladi. Ularning sifati ham talab darajasida bo‘ladi. Bundan tashqari uzum va olma kabi mevalar xorijga eksport qilinadi.
Bugungi kunda Namangan viloyatida 2 776032 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 14-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 848002 nafarni tashkil etadi. Hududning
15840 nafari band bo‘lmagan yoshlardir. Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularga yetarli shart-sharoitlar yaratib berish esa davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston yosh fermerlar Kengashi bu borada qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Ulardan biri “Bir fermerga – bitta yosh” loyihasi. Mazkur loyihaning asosiy maqsadi, fermerlarimizning ijtimoiy faolligini yanada oshirgan holda, g‘alladan bo‘shagan yerni bir qismini vaqtincha band bo‘lmagan yoshlarga mavsumda foydalanish uchun beg‘araz berishdan iborat. Loyihani tashkil etish orqali hududdagi uyushmagan yoshlarga fermer xo‘jaligi hisobidan g‘alladan bo‘shagan ekin maydonlarini takroriy ekin uchun ajratish belgilab berilgan. Buning uchun joriy yilning iyun oyidan oktyabr oyiga qadar tuman hokimliklari, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari, tuman bandlikka ko‘maklashish markazlari, fermer, dehqon tomorqa yer egalari Kengashlari, viloyatdagi paxta-g‘allachilik bilan shug‘ullanuvchi jami 3643 nafar fermer xo‘jaliklari takroriy ekin uchun mas`ul bo‘lishadi. Yoshlarga ajratilgan yer maydoni tuman MMTPlardagi texnikalar hamda fermer xo‘jaliklar imkoniyatidagi texnikalar yordamida qayta ekinga tayyorlanadi. Yoshlarimiz esa, tez va serhosil bo‘ladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish, bozorlarimizni arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, yerdan unumli foydalanish hamda yoshlarni ish bilan ta’minlashda o‘z hissalarini qo‘shadilar va o‘z tadbirkorligini boshlash uchun yetarli moliyaviy mablag‘ga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, loyiha doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi tomonidan yoshlarga yerdan foydalanish va ekinlarni parvarishlash borasida doimiy seminarlar tashkil etilib boriladi.
Loyiha bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar respublikamizning boshqa hududlarda ham davom etadi.
- Qo'shildi: 12.06.2018
- Ko'rishlar: 25
- Chop etish