Biz sayyohlar xavfsizligini to‘liq ta’minlay olamizmi? Shahrisabzda bo‘lgan ochiq muloqotda shu masala ham muhokama qilindi
Qashqadaryo viloyatining qadimiy va navqiron Shahrisabz shahridagi “Koba maqom markazi”da “Qashqadaryo viloyatida xavfsiz turizm va turizm madaniyati” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va Shahrisabz shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ochiq muloqotda turizmni rivojlantirish uchun olib borilayotgan ishlar tahlili, yo‘nalish bo‘yicha turizmni rivojlantirishga qaratilgan loyiha taqdimoti, xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari va yoshlar turizmi va turizm madaniyati haqida so‘z bordi.
Shuningdek, Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari Ichki ishlar boshqarmalari tuzilmalarida Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalari faoliyati, ularning asosiy vazifalari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
— Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalarining asosiy vazifasi — sayyohlik namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, sayyohlarga nisbatan sodir etiladigan huquqbuzarliklar sabablari va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish hisoblanadi, — deydi Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari S.Jo‘rayev. — Ularning boshliqlari bir vaqtning o‘zida IIB boshlig‘i o‘rinbosari sanalib, shaxsiy tarkib birinchi navbatda xorijiy tillarni biluvchi xodimlar orasidan tanlov asosida shakllantirildi.
Ushbu masalada hududdagi amaliy ishlarni yanada jonlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tabiiyki, sayyohlikning rivojlanishi — mamlakat salohiyati rivojlanishining muhim omili hisoblanadi.
- Qo'shildi: 25.01.2018
- Ko'rishlar: 28
- Chop etish