Biz yoshlar – jinoyatga murosasizlik va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashamiz”
Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan “Biz yoshlar – jinoyatga murosasizlik va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashamiz” shiori ostida yoshlar festivali o‘tkazildi.

Ushbu tadbir Vazirlikning Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi hamda Yong‘in xavfsizligi instituti hamkorligida yoshlarda vatanparvarlik, fidoyilik va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ichki ishlar organlari tarkibiy bo‘linmalarida bugungi kunda amaliyotda foydalanilayotgan kuch va texnik vositalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Maktab, litsey va kollej o‘quvchilaridan iborat poytaxt yoshlari qatnashgan tadbirda dastlab vazirlik sohaviy xizmatlarining piyoda patrul guruhlari, otliq patrul guruhlari, skuterdagi va moto patrul guruhlari, avtopatrullar, xizmat itlari, maxsus va alohida vazifalarni bajaruvchi otryadlar hamda yong‘in xavfsizligi xizmatining maxsus avtomashinalari safdan o‘tdi. Ularning har bir chiqishi ko‘p sonli tomoshabinlar va yoshlar tomonidan qizg‘in qarshi olindi.

Shundan so‘ng, ko‘rgazmali chiqishlarga navbat berildi. Kinolog xodimlar xizmati iti yordamida giyohvand va portlovchi moddalarni aniqlash, jinoyat sodir etgan shaxsni qo‘lga olish tadbirlarini namoyish etdilar. Yong‘in xavfsizligi instituti xodimlari tomonidan yong‘in o‘chirish amaliy sport turi bo‘yicha chiqishlar va yong‘inni tez va talofatsiz bartaraf etish mashqlari tomoshabinlarda o‘zgacha taassurot uyg‘otdi.

Ayniqsa, tadbir ishtirokchilari o‘rtasida yong‘in xavfsizligi xizmatiga oid 3 ta yo‘lanishda, ya’ni jangovar kiyimni belgilangan vaqtda kiyish, yong‘inni amaliy tartibda o‘chirish va tezkor savol-javob shartlari yanada qiziqarli kechdi. Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Portlatish qurilmalari va portlash xavfi bo‘lgan predmetlarni aniqlash, zararsizlantirish va yo‘q qilish bo‘yicha maxsus otryad xodimlari tomonidan tomoshabinlar texnik vositalar va robotning imkoniyatlari bilan tanishtirilib, shartli ravishda portlovchi modda aniqlangan buyumni zararsizlantirish namoyish etildi.

Alohida vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlari tomonidan namoyish etilgan jangovar usullar, qurollangan jinoyatchini zararsizlantirish va garovdagi fuqaroni ozod qilish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar yig‘ilganlarga birday manzur bo‘ldi.

Tadbir taniqli estrada xonandalari va yosh san’atkorlarning chiqishlari bilan yakunlandi.
– Ushbu tadbir yoshlarni tinch-osoyishta kunlarni qadrlash, xalqimiz qalqoni bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlarining sharafli vazifalarini yanada teranroq anglash va eng asosiysi, ularda yurtga bo‘lgan muhabbat, fidoyilik va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir, – deydi IIV Yoshlar ittifoqining Yetakchilar kengashi raisi mayor Xurshid Ro‘ziyev.
- Qo'shildi: 07.06.2018
- Ko'rishlar: 26
- Chop etish