Bizda bugun batafsil... “Yoshlar poyezdi” haqida xalq qanday fikrda?
Boysun, Denov, Muzrabot, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Sherobod tumanlarida o‘tkazilgan muloqotlarda Yoshlar ittifoqi, tom ma'noda xalqning ichiga kirib bordi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan 27-28-noyabr kunlari Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yigirma besh yilligi munosabati bilan “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi.

Loyiha doirasida yosh olim va mutaxassislar, shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari, tadbirkorlar, sportchilar, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari, Yoshlar ittifoqi faollaridan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari viloyatning barcha tuman va shaharlari, hatto eng chekka qishloq-ovullarida ham bo‘lib, yoshlarning ijtimoiy kayfiyati, qiziqishlari, taklif va muammolari bilan qiziqdi. Ochiq muloqotlar, kitobxonlik aksiyalari, xayriya tadbirlari, turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etildi.

Oltinsoy pedagogika kollejida tashkil etilgan ana shunday tadbirda Bosh qomusimizning yaratilishi va qabul qilinish tarixi, o‘ziga xos xususiyatlari, mazmun-mohiyati haqida o‘quvchilarga so‘zlab berildi. Davlat mustaqilligi va suvereniteti, avvalo, uning asosiy qonuni bilan belgilanishi, yangidan qabul qilinadigan huquqiy hujjatlar unga mutanosib kelishi Konstitutsiyaning naqadar ahamiyatli ekanini anglatadi.

— Konstitutsiya hayotimizda nechog‘li muhim o‘rin tutishi haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldim, — deydi kollej o‘quvchisi Nozima Ahmedova. — Asosiy qonunimizning 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekani ko‘rsatilgani, umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlangani yosh avlodning iste’dod va salohiyatini namoyon etishida katta imkoniyatdir. Bugungi tadbirda ishtirok etgan yoshlarning faolligi, huquqiy bilimga ega ekani va qiziqishi, ilmga chanqoqligi ham yurtimizda bizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar namunasidir.
Bu kabi tadbirlar Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali, Boysun agrosanoat, Oltinsoy pedagogika, Sho‘rchi yengil sanoat kasb-hunar kollejlarida ham o‘tkazildi. Tadbirlarda Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, xalqimiz erishayotgan olamshumul yutuqlarda uning o‘rni va ahamiyati sodda, xalqchil misollar bilan tushuntirildi.
Aksiya doirasida yoshlarni qiynayotgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etildi. Qiziriq tumanidagi Bandixon agrosanoat kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan ana shunday muloqotda yoshlar o‘z taklif-mulohazalarini o‘rtaga tashladi. Uchrashuvda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kreditlar ajratish, kasanachilikni rivojlantirish, mahallalar hududida sport zallari, kutubxonalar barpo etishga qaratilgan takliflar bildirildi.
— Tumanimizda kam ta’minlangan oilalar farzandlarining oliy ta’lim muassasalariga tayyorlanishi, til o‘rganishi uchun bepul to‘garaklar tashkil etish taklifini bildirdim, — deydi kollej o‘quvchisi Ramazon Xudoyshukurov. — Quvonarlisi, keyingi yildan Yoshlar ittifoqining tuman kengashi qoshida huddi shunday to‘garak yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Ochiq muloqotda tengdoshlarimizni qiynayotgan boshqa masalalar ham ijobiy hal etildi.
Boysun, Denov, Muzrabot, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Sherobod tumanlarida o‘tkazilgan muloqotlarda mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati, yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, diniy aqidaparastlikning oldini olish, bandlik muammosini hal etishga oid amaliy va konsultativ ko‘mak berish masalalari muhokama qilindi. Aksariyat masalalarga o‘sha joyning o‘zida yechim topildi.
Angor iqtisodiyot kollejida tashkil etilgan uchrashuv ham qizg‘in muloqotlarga boy bo‘ldi. Tadbirda turli viktorinalar, intellektual o‘yinlar o‘tkazildi, she’rxonlik kechasi, o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Targ‘ibot aksiyasi doirasida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, mahallalardagi imkoniyati cheklangan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, ular tajribali shifokorlar jalb qilingan holda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Qiziriq tumanidagi “Birdamlik” mahallasida yashovchi Lobar Sharipova 15 yoshda. Ikki yil avval avtohalokat tufayli nogiron bo‘lib qoldi. Targ‘ibotchilar Lobar yashayotgan xonadonga borib, u bilan suhbatlashdi, kitoblar, turli sovg‘alar ulashdi.
— Meni yo‘qlab kelganlaridan juda xursand bo‘ldim, — deydi u. — Bu e’tibor o‘zimga bo‘lgan ishonchni yanada oshirdi. She’rlar, hikoyalar yozib turaman, bugun ustoz ijodkorlardan kerakli maslahatlarni oldim. Kelajakda yetuk ijodkor bo‘lish niyatidaman.
Aksiya dasturidan o‘rin olgan yana bir qiziqarli loyiha — “Kitob — hayot xazinasi”dir. Loyiha doirasida targ‘ibotchilar ta’lim muassasalari, mahallalar, harbiy qismlar va shifoxonalarda bo‘lib, davra suhbatlari, uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Xususan, Uzun tumanidagi harbiy qismlardan birida o‘tkazilgan tadbirda kitobxonlik madaniyati, mutolaa va uning yoshlar hayotidagi ahamiyati, bugun yurtimizda adabiyotga, san’atga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yosh iqtidor egalariga yaratilayotgan sharoitlar xususida so‘z yuritildi.
Tumandagi 3-bolalar musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan uchrashuv ham qizg‘in muloqotlarga boy bo‘ldi. Targ‘ibotchilar maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini taqdim etdi. Malakali psixologlar esa o‘quvchilar bilan suhbatlashib, ularga kerakli maslahatlar berdi.
“Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasi doirasida Termiz shahridagi Yoshlar markazida kinofilmlar, hududdagi teatrlarda spektakllar namoyishi o‘tkazildi.



- Qo'shildi: 29.11.2017
- Ko'rishlar: 16
- Chop etish