Bu kunni Bahodir uzoq yillar unutmaydi!
Namangan viloyati Yoshlar yetakchisi hududdagi qishloqlar, mahallalar, ko‘chalar va xonadonlarda bo‘lib, mehrga, e’tiborga muhtoj yoshlar bilan yaqindan tanishishda davom etmoqda.
Namangan tumanida navbatdagi o‘rganishi chog‘ida Yoshlar yetakchisini Bahodir ismli yigit bilan tanishtirishadi.
Yoshlar yetakchisi bolaligidan imkoniyati cheklanganligi sabab yakka tartibda tahsil oluvchi bu yigitchaning orzulari haqida so‘raydi.
— Orzularim ko‘p, lekin eng birinchisi — Yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘lishni, faol bo‘lishni xohlayman, — deb javob berdi u.
O‘sha kuni Kichkina Toshbuloq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi yigitchaga a’zolik guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, Bahodirning oilasi uchun esdalik sovg‘asi, o‘zi uchun esa tafakkur bunyodkori hisoblanmish — badiiy kitoblar taqdim etildi.
Unga ta’lim muassasasining Boshlang‘ich tashkilot yetakchisi biriktirib qo‘yildi. Endilikda u Yoshlar ittifoqining doimiy g‘amxo‘rligi ostida bo‘ladi.
Aminmizki, bu kunni Bahodir uzoq yillar unutmaydi. Ajabmas, kelgusida uning “katta odam” bo‘lib yetishishiga ushbu kichik bo‘lsada, e’tibor va g‘amxo‘rlik sabab bo‘lsa...
- Qo'shildi: 18.01.2018
- Ko'rishlar: 21
- Chop etish