Bulung‘ur tuman Kengashi bo‘shab qolgan kollej kitob fondini tarqatishning samarali usulini ishlab chiqdi!
Prezidentimiz xalq orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xalqimiz, xususan yoshlarimizni ilm-u ma’rifatli qilish biz uchun nihoyatda zarur ekanligini kuyunib gapirishlarida hikmat bor. Kitobxonlik, ilmiy salohiyat — millat taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liqligi hech birimizga sir emas.
Bugungi kunda ushbu ezgu maqsadni amalga oshirish yo‘lida turli loyihalar shaxsan Yurtboshimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda va hayotga tadbiq etilmoqda. Nukus shahridagi yosh tadbirkor loyihasi asosida barpo etilgan ikki qavatdan iborat “Kitob markazi” fikrimizning yaqqol dalilidir.
Joylarda o‘tkazilgan sayyor uchrashuvlarda aniqlangan muammolarni bartaraf etish va yoshlar tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda joriy yilning 15-yanvar kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Bulung‘ur tuman Kengashi tashabbusi bilan Bulung‘ur sanoat kasb-hunar kolleji Axborot resurs markazi fondidagi badiiy kitoblarni mahalliy aholi va vaqtincha ishsiz yoshlarga tarqatish maqsadida “Sayyor kutubxona”rejasi ishlab chiqildi.
Ushbu reja asosida “Kildon”, “Sarqipchoq”, “Xo‘jamazgil” va “Avliyo Parpi” MFYlariga Sayyor kutubxonalar tashrifi amalga oshirildi.
Qolaversa, chegara hududda joylashgan 9224 – sonli harbiy qism askar va zobitlari, ularning oila a’zolari ham e’tibordan chetda qolmadi.
Havo anchagina salqin bo‘lishiga qaramay, kitobga bo‘lgan qiziqish yoshlarning qalbida iliqlik olib kirdi.
Ajabmas, ushbu e’tibor va g‘amxo‘rlik yoshlarning hayotini ma’lum ma’noda o‘zgartirsa...
- Qo'shildi: 16.01.2018
- Ko'rishlar: 24
- Chop etish