Buxoroda tungi klublar, chilimxonalar va kompyuter xonalarida tungi reyd o'tkazildi

    Xabaringiz bor, Yoshlar ittifoqi hamkor tashkilotlar bilan birga respublika bo'ylab tungi klublar, chilimxonalar hamda kompyuter xonalarda nazorat reydlarini o‘tkazmoqda.


Bundan ko’zlangan maqsad — voyaga yetmagan yoshlarning salomatligini asrash va ularni to'gri yo'lga boshlashdir.
Kuni-kecha shu maqsadda Yoshlar ittifoqi Buxoro shahar Kengashi,shahar IIB hamda harbiy qismlardagi boshlang’ich tashkilot yetakchilari hamkorligida hududdagi tungi klublar, chilimxonalar va kompyuter xonalarida tungi reyd o'tkazildi.
Afsuski, holat qoniqarli emas. Ba’zi o‘smir yigitlarning xatti-harakatidan og‘rinadi kishi.


Nazorat reydlari natijasiga ko‘ra, ba’zi yoshlarning turli yot g'oyalarni targ‘ib qiluvchi filmlarni tomosha qilib, chilimxonada o’zlariga zararli tutundan nafas olib ko‘nglini xushlayotgani ma'lum bo'ldi.
Qolaversa, tungi 23:00 atrofida “Abdurahmon Jomiy” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yonidagi kompyuter va chilimxonada voyaga yetmagan yoshlarning ilm izlash va kerakli kasb-hunarni egallashi lozim bo'lgan paytda buzg‘unchilikni targ‘ib qiluvchi, vahshiyona o‘yinlarni o‘ynab,  o’zi uchun zararli chilim chekib o‘tirganligi aniqlandi. 


Barchaga ma’lumki, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksda restoranlar, kafelar, barlar, klublar, diskotekalar, kinoteatrlar hamda kompyuter zallari mas’ul shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning tungi vaqtda ota-onasidan biri yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning kuzatuvisiz ko‘rsatilgan muassasalarda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish — eng kam ish haqining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Reyd davomida tadbirkorlarimiz bu  holatdan xabardor bo’lganligi va unga  yo’l qo’yganligi aniqlandi. Aniqlangan holat va muammoli vaziyatlar asosida tegishli ko‘rsatma tayyorlandi.
Nazorat reydlari davom etadi.