Buxorodagi “Shab” internet-kafesida yoshlar tunab qolmoqdami?
Dildora 16 yoshga to‘lib-to‘lmay, hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurdi. Oiladagi har kungi janjallar, otasi tashlab ketgani yetmagandek, onasining unga va ukasiga nisbatan e’tiborsizligi Dildoraning uydan tez-tez qochib ketishga undadi. Bevoshgina qiz bora-bora buvisining ham tanbehlariga quloq ilmay qo‘ydi. 14 yoshidayoq profilaktik hisobda turishiga qaramay, tuzalish yo‘lini tanlamadi, o‘z bilganidan qolmadi: o‘ziga o‘xshagan dugonalar orttirib, kechqurunlari turli ko‘ngilochar maskanlarda sayoq yurishni kanda qilmadi.
Tungi soat 23:00 ga yaqinlashgan. “Laziz” xususiy firmasiga qarashli “Shab” internet-kafesida go‘yoki tamaddi qilib turgan Dildora Hamdamova, aslida, oilasidagilari xabarisiz uydan chiqib ketgandi. Voyaga yetmagan o‘smir qizning sayoq yo‘lga kirib ketishida oilaviy nosog‘lom muhitning ta’siri ustunligini anglash qiyin emas.
Buxoro viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktika boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tungi reyd davomida Dildora singari yana bir nechta voyaga yetmagan o‘smirlarning ota-onasi qarovidan uzoq, oilaviy nosog‘lom muhitda o‘sishayotgani aniqlandi.
Bu ham yetmagandek, ularning chekka tumanlardan kelib, shahar markazidagi “Shab” internet-kafesidan qo‘nim topishmoqda. Ularning yon-verida spirtli ichimliklar ichishdan tashqari, burqsitib chilim chekayotgan yoshi kattalardan o‘rnak olmasliklariga kafolat yo‘q! Savol tug‘iladi. Nega “Shab” voyaga yetmagan o‘smirlar makoniga aylanib bormoqda? Tungi reydlar mazkur internet-klubda takror-takror o‘tkazilishiga qaramay, “Shab”ni bu muammo tark etmayapti.
- Ofitsiantlar bir necha bor ogohlantirilgan. Ammo, men o‘z ishim bilan band bo‘lib, voyaga yetmagan o‘smirlarning kirganidan xabarim yo‘q. Eshikda ham “18 plus” deb yozib qo‘yganmiz!— deya kamchilikni o‘zidan soqit qilishga urinadi “Laziz” xususiy firmasiga qarashli “Shab” internet-kafesi egasi Laziz Nasriyev.
Almoyi-aljoyi harflar bilan eshikka yopishtirilgan yozuvga qaraymiz: “18 plus” so‘zini zo‘rg‘a o‘qiymiz. Afsuski, qanday bo‘lsa ham pul kelsa bo‘ldi, qabilida faoliyat yurtilayotgan tadbirkorga mablag‘ o‘z oyog‘i bilan ostonangga kelgach, sen unga eshik berkitarmiding, degimiz keldi.
Xuddi shuningdek, Buxoro shahridagi “Xan”, “Maksimus”, “Sharqnet”. “Saodat”, “Braun” kabi tungi ko‘ngilochar maskanlari ham bunday muammolardan xoli emas.
Laylo HAYITOVA
- Qo'shildi: 29.11.2017
- Ko'rishlar: 63
- Chop etish